Suvayshga muqobillik zaruriyati kuchaymoqda
Uzoq yillar xavfsizlik borasida ishonch bilan ishlagan Suvaysh kanali ma’muriyati kecha kanal o‘zanini chuqurlashtirish ishlari boshlanganini e’lon qildi. Bu ishlar Xitoydan Rotterdamga yo‘l olgan «Ever Given» konteyner tashuvchi kemasi shu yil 23 martdan boshlab bir hafta qisilib qolgani bilan bog‘liq. O‘sha joydan uncha uzoq bo‘lmagan janubiy qismida ikki tomonlama harakatni ta’minlash bo‘yicha qazish ishlari boshlandi.
Suvaysh kanali boshqaruvi raisi, general leytenant Usama Rabiyaning aytishicha, bu qazish ishlari kanalning janubiy chiqish oqimini rivojlantirish doirasida olib borilmoqda.
2023-yilda kanalni strategik rivojlantirish rejasiga ko‘ra, uning 20 metrdan chuqur bo‘lmagan joylari qaziladi. Chunki baxtsiz hodisa yuz bergan joyda chuqurlik 22 metr bo‘lgan va bu ham bugungi talab va mezonga javob bera olmagan edi.
O‘shanda besh yuzga yaqin kema kanaldan o‘ta olmasdan navbat kutib qolgan, xalqaro savdo bir qalqib tushgan va tujjorlar katta ziyon ko‘rgan edi. Chunki jahon mahsulot aylanmasining 12 foizi aynan Suvaysh kanali orqali o‘tadi va har bir ishlamagan kun uchun jahon savdosi 9,6 milliard dollar zarar ko‘rdi.
Bu ishlarning barchasi Rossiyaning anchadan buyon e’lon qilib kelayotgan va uzoqni ko‘zlagan «Shimoliy dengiz yo‘li»ni rivojlantirish rejasini amaliy jihatdan ilhomlantirib yubordi.
Tashilgan yuklar miqdori 33 million tonnaga chiqdi
Bu yo‘l Tinch va Atlantika okeanlarini Yevrosiyo shimoliy qirg‘oqlari bilan o‘zaro bog‘laydi. Yuklar Yaqin Sharqdan Yevropaga 14 ming kilometr uzunlikdagi Shimoliy dengiz yo‘li orqali tashiladi. Vaholanki, Suvaysh kanali orqali o‘tuvchi muqobil yo‘lning uzunligi 23 ming kilometrga tengdir.
Misol uchun, Tokiodan Gamburgga konteyner tashuvchi kema Suvaysh kanali orqali 48 kunda yetib borsa, Shimoliy transport yo‘li bu masofani bosib o‘tish uchun uzog‘i bilan 35 kun talab qilinadi, tashish xarajatlari esa 20 foiz arzon bo‘lishi mumkin.
Albatta, bu yo‘ldan jahon savdosida samarali va faol foydalanish haqida olti asrdan buyon juda qizg‘in fikrlari bildirilib kelayotgan bo‘lsa-da, faqat yangi asrimizga kelibgina bu nazariya real haqiqatga aylana boshlayapti.
To‘g‘ri, Ikkinchi jahon urushi yillarida ham Tinch okeani floti harbiy kemalarini, xalq xo‘jaligi yuklarini, harbiy sanoat mahsulotlarini Shvetsiya va Finlyandiyaga tutash Barens dengizigacha tashishda mazkur yo‘l muhim transport magistrali vazifasini o‘tagan edi. 1970 yillarda flot tarkibiga atom muz kemalarining ishga tushirilish bilan yo‘l faoliyati sezilarli faollashdi. Ammo faqat 1991 yilga kelibgina u xalqaro yuk tashuvlar uchun ochiq deb e’lon qilindi.
Qolaversa, 2005 yildan boshlab Arktika muzliklarining keng ko‘lamli erishi boshlangach, yo‘lning tashuv imkoniyatlari xorijiy kompaniyalarni ham jiddiy qiziqtira boshladi.
O‘tgan yili global isish tufayli Arktikadagi muz qatlamlari 1980 yillarnikiga nisbatan 5-7 marotaba ko‘proqqa qisqarib ketdi. Shimoliy Muz okeanida muzliklar maydoni 26 ming kvadrat kilometrga kamaydi. Bu esa shimol iqlimiga yaxshi jihozlangan oddiy yuk kemalarini ham o‘tish imkoniyatlarini oshirmoqda.
Bu yo‘l nafaqat masofani, balki reyslarning davriy uzoqligini qisqartiradi, yonilg‘ini tejaydi, kema fraxt qiymatini kamaytiradi, Suvaysh kanalidan o‘tish to‘lovi kabi bu yerda qo‘shimcha xarajatlar va navbat ham mavjud emas, qaroqchilar hujumi xavfi yo‘q.
Faktlarga murojaat qilsak, 2009 yilda atigi 2 ta tijorat kemasi u orqali Yevropadan Osiyoga kelgan edi. Bu yo‘ldan harakatlanish maqsadida «Shimoliy dengiz yo‘li ma’muriyati» maxsus ruxsatnomasini o‘tgan yili 1014 ta kema oldi. Barcha tashilgan yuklar hajmi 33 million tonnadan oshib ketdi, uning salkam 1,3 million tonnasi tranzit yuklardir. Yuklar ulushida siqilgan gazlar, neft va neft mahsulotlari, gaz kondensati, ruda konsentrati, ko‘mir yetakchilik qilmoqda.
Bugungi kunda bu yo‘ldan asosan «Nornikel», «Gazprom», «Lukoyl», «Rosneft», «Rosshelf», Krasnoyarsk o‘lkasi, Yakutiya Respublikasi, Chukotka avtonom okrugi keng foydalanib kelmoqda.
Ammo asosiy muammo shundaki, kemalar bu yo‘l orqali yilning faqat 5 oyida harakat qila oladi, xolos. Navigatsiya muddatini cho‘zish uchun esa muzyorar kemalar floti va yaxshi infratuzilma-logistika tizimi zarur.
Xitoy AQSh ziddiyati qo‘l kelishi mumkin yoki
«Rosatom» asosiy operator etib belgilangan
2018 yilda 100 mingdan ortiq xodim mehnat qiluvchi «Rosatom» davlat korporatsiyasi Shimoliy dengiz yo‘li infratuzilma operatori sifatida belgilandi.
Rusning shimoliy dengiz suvlarida zamonaviy atom kemalarisiz rasmiy Moskvaning global transport xabiga aylanishdek rejalariga erishib bo‘lmasligi ravshan edi.
Hozirda Rossiyadagi «Atomflot» kompaniyasi tasarrufida beshta atom muz kemasi – «Yamal», «G‘alabaning 50 yilligi», «Taymir», «Vaygach» va «Arktika» bor.
2018 yildan Sankt-Peterburgdagi Boltiq zavodida 175 MVtli RITM-200 yangi reaktorlariga ega uchta muz kemalari qurila boshladi. Ularning birinchisi, ya’ni «Arktika» 2020 yilda ishga tushirilgan bo‘lsa, 2021-2022 yillarda yana ikkitasi xizmat qila boshlaydi. Yangi avlodga mansub 315MVt quvvatga ega RITM-400 qurilmalariga ega «Yetakchi» kemalarini yaratish ustida esa qizg‘in ishlanmoqda.
«Rosatom» davlat korporatsiyasi bu tarmoqni rivojlantirish uchun joriy yilda 73 mlrd rubl yoki qariyb 1 milliard dollar yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu «Rosatom»ning joriy yildagi kapital qurilish dasturlarining moliyalashtirish miqdorining o‘ndan biriga tengdir.
Yo‘lni rivojlantirish uchun jami 15 milliard dollar mablag‘ sarflanishi lozim. Bu orqali 2030 yilga borib, uning o‘tkazish quvvatini 110 million tonnaga va olinadigan daromad miqdorini 900 million dollarga yetkazish mumkin bo‘ladi.
Ayni paytda ekspertlar kelgusida bu yo‘l asosida «Shimoliy dengiz yo‘lagi»ni yaratish xalqaro loyihasi ustida bosh qotirishmoqda. Bunda Yevropaning shimoliy qismidagi portlar va infratuzilmasi yagona transport tizimlariga birlashtiriladi.
Hozirda G‘arb davlatlarining sanksiyalari sababli va «atrof-muhitni va global bioxilma-xillikni himoya qilish» yorlig‘i ostida mazkur strategik loyihani taraqqiy ettirishga G‘arbning yirik dengizda yuk tashuvchi kompaniyalari qo‘shilishga shoshayotgani yo‘q. Bir tomondan bunga AQShning ularga sanksiyalar qo‘llash xavfidan qo‘rquvi ham ta’sir etayapti.
Lekin Yaqin Sharqdagi beqarorlik, ayniqsa, oxiri tugamayotgan Isroil-Falastin mojarosi, Yaman, Iroq, Suriyadagi beqarorliklar, Somali qirg‘oqlaridagi qaroqchilar, Eronning yadro dasturi bilan bog‘liq muammolari kelgusida Shimoliy transport yo‘liga yangi siyosiy-iqtisodiy imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin.
Hech shubhasiz, xalqaro bozorlarni mahsulotlar bilan ta’minlovchi asosiy fabrika hisoblangan Xitoyning Osiyo-Tinch okeani mintaqasida AQSh bilan ziddiyati tobora taranglashayotgani esa Rossiyaning bu geosiyosiy o‘yinda Rossiya qartasining jozibadorligini oshirishi mumkin.
Gulruxsor Ravshanova,
xalqaro jurnalist
Toshkent-Moskva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter