Sobiq bosh vazir tansoqchisi kechirilmas xatoga yo‘l qo‘ydi
Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Devid Kemeronning tansoqchisi jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygani bois vaqtincha ishdan chetlatildi. Voqea mashhur siyosatchi Nyu-Yorkdan Londonga qaytayotganda, samolyotda ro‘y berdi.
Sobiq bosh vazirga biriktirilgan muhofiz samolyot hojatxonasida o‘qlangan to‘pponcha, o‘zi hamda xo‘jayinining pasportini unutib qoldirgan. Yo‘lovchilardan biri qurol va hujjatlarni ko‘rib qolib, samolyot komandiriga topshirgan.
Samolyotda sovuq qurol topilgani, tabiiyki, yo‘lovchilarda xavotiru hadik uyg‘otgan. Havo kemasi komandiri esa yo‘lovchilarni tinchlantirishga majbur bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan British Airways aviakompaniyasi ham tushuntirish berishiga to‘g‘ri keldi. Kompaniya vakiliga ko‘ra, fuqaro aviatashuvlari qoidalari ingliz politsiyasi ofitserlarining samolyot bortiga qurol bilan chiqishiga izn beradi.
Britaniya qonunchiligiga muvofiq, qirollik oilasi vakillari hamda yuqori lavozimdagi siyosatdonlarga tansoqchi va politsiya qo‘riqchilari biriktiriladi. Tansoqchilar aksar jamoat joylarida, jumladan, uchoqda ham qurol bilan yurishga haqli. Ammo ularning o‘z qurolini xaloyiqqa ko‘z-ko‘z qilishi kasb etikasining buzilishi sanaladi. Silohni unutib qoldirish esa jiddiy oqibatlarga olib keladigan xato deya malakalanadi.
Devid Kemeronning ishonchni oqlamagan tansoqchisiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Matbuot xabariga ko‘ra, muhofizning ushbu qilmishi kechirilmasligi va pattasi qo‘liga tutqazilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Devid Kemeron 2005-2016-yillarda Buyuk Britaniya konservatorlar partiyasiga rahbarlik qilgan. 2010-2016-yillarda qirollik hukumatini boshqargan va Yevroittifoqdan chiqishga doir referendum ortidan iste’fo berishga majbur bo‘lgan.
Yuqori martabali amaldorlarning tansoqchilari bilan bog‘liq shov-shuvli hodisalar onda-sonda bo‘lsa-da ro‘y berib turadi. Masalan, 2012-yilda AQSh prezidenti Barak Obamaning Kolumbiyaga safari arafasi muhofizlar bilan bog‘liq ana shunday mojarolardan biri yuz bergan edi. Prezident xavfsizligi xizmati vakillari amaldagi tartibga ko‘ra Barak Obamadan avvalroq Kolumbiyaga borib, kerakli choralarni ko‘rishi lozim edi. Ammo muhofizlar mavjud qoidalarni qo‘pol ravishda buzib, kayfu safo qilgani islovotxonaga boradi va u yerda yuz bergan kelishmovchilik sabab mahalliy politsiya tomonidan qo‘lga olinadi. Nomunosib xulq-atvordagi muhofizlar zudlik bilan xizmatdan chetlatiladi. Ushbu voqea ortidan AQSh prezidenti xavfsizligini ta’minlovchi muhofizlarga xorijiy safarlarda spirtli ichimlik iste’mol qilish va «shubhali joylar»ga borish butkul taqiqlandi.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter