Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shotlandiya rahbari: «G‘azoda yana qancha bola o‘lishi kerak?!»

Shotlandiya rahbari: «G‘azoda yana qancha bola o‘lishi kerak?!»

Shotlandiya hukumati rahbari Hamza Yusuf Isroil kuchlari G‘azoga bomba yog‘dirishda davom etayotganidan norozilik bildirdi. 

«G‘azo uzluksiz bombalanmoqda. Endi telekommunikatsiya ham uzib qo‘yildi. Uch haftadan beri harb maydonida qolayotgan oila a’zolarimiz bilan xabarlasha olmayapmiz. Bu oqshom omon qolishlari uchun duo qilishdan o‘zga choramiz yo‘q. Dunyo (Isroilga) «bas, yetar» deyishi uchun yana qancha bola nobud bo‘lishi kerak?!» – deb yozdi Shotlandiyaning birinchi vaziri Hamza Yusuf.

Avval xabar berganimizdek, pokistonlik muhojir farzandi bo‘lgan 37 yoshli Hamza Yusuf joriy yil bahorda Shotlandiya milliy partiyasi (SNP) raisi hamda mamlakatning birinchi vaziri etib saylandi. Shu tariqa u Shotlandiya tarixidagi ilk musulmon yetakchi sifatida tarixga kirdi.

Xabaringiz bor, HAMASning 7 oktyabr kungi hujumiga javoban Isroil armiyasi G‘azoga bomba yog‘dirmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Shotlandiya rahbari H.Yusufning qaynotasi va qaynonasi o‘sha kunlari G‘azoda bo‘lgan. Qarindoshlari holidan xabar olish uchun G‘azoga borgan er-xotin qurolli ziddiyat kuchayishi ortidan qamalda qolib ketgan.

28 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyalar ko‘lamini kengaytirganini ma’lum qildi.

Yigirma kundan buyon to‘laqonli qamal sharoitida yashayotgan, oziq-ovqat, suv, elektr energiya va dori-darmondan mahrum qilingan G‘azo sektorida endi telefon va internet ham ishlamayapti.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti 2,3 million nufusli G‘azoning tashqi dunyodagi uzib qo‘yilgani Isroilning zo‘ravonlarcha harakatlari, inson huquqlari poymol etilishiga yo‘l ochishidan ogohlantirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring