Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shimoliy oqim» gaz quvurlari portlatilgan – Kopengagen politsiyasi (video)

«Shimoliy oqim» gaz quvurlari portlatilgan – Kopengagen politsiyasi (video)

Joriy yil 26-sentyabr kuni Daniya va Shvetsiya rasmiylari Rossiyaning Yevropaga gaz yetkazib beradigan asosiy quvurlari – Bornxolm oroli yaqinidagi «Shimoliy oqim»ning ikkala tarmog‘ida birdaniga uchta joydan gaz sizib chiqayotgani haqida ma’lum qilgan edi.

Mazkur hodisa portlash tufayli sodir bo‘lgan.

Bunday xulosa Boltiq dengizida gaz sizib chiqishi sabablarini o‘rganayotgan Kopengagen politsiyasi, harbiylar va Daniya xavfsizlik xizmati tomonidan e’lon qilindi.

«Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2»ga portlash tufayli zarar yetgan», – deyiladi rasmiy xulosada.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan joydan gaz sizib chiqqanidan beri bir necha marta tekshirilgan. Tekshiruv Daniya eksklyuziv iqtisodiy zonasidagi «Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri katta zarar ko‘rgani va ular yirik portlashlar tufayli yuzaga kelganini tasdiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa «Shimoliy oqim» gaz quvurlarining zarar yetkazilgan joyi aks etgan video paydo bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya Milliy seysmik markazi ham «Shimoliy oqim» quvurlari yo‘nalishlarida ikkita kuchli suv osti portlashi sodir bo‘lganini aniqlagani haqida xabar berilgan edi. 

Rossiya tomoni esa «gaz quvurlariga qilingan teraktlar ortida Yevropaning Rossiya bilan aloqalarini buzmoqchi bo‘lganlar turgani»ni iddao qilib, avariyani ta’mirlash olti oydan ko‘proq vaqt olishini ma’lum qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring