Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senator: «Biz bu jinoyatga sherik bo‘lmasligimiz kerak»

Senator: «Biz bu jinoyatga sherik bo‘lmasligimiz kerak»

Amerikalik taniqli siyosatchi, senator Berni Sanders Isroil hukumati G‘azoda bolalarni och qoldirayotganini tanqid qildi.

«Butun dunyo guvoh bo‘lib turibdi, (Isroil bosh vaziri Binyamin) Netanyahu va uning o‘ng qanot hukumati G‘azoda bolalarni och qoldirmoqda, Falastin xalqiga  qarshi urush olib bormoqda. Biz bu dahshatli urushda (Isroilga) sherik bo‘lmasligimiz kerak», – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida. 

Siyosatchi Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida 27 mingdan ziyod falastinlik o‘ldirilgani, 67 mingdan ziyodi jarohatlanganiga e’tibor qaratgan.  1,7 million falastinlik uyini tark etishga majbur bo‘lgani va ular oziq-ovqat, suv, dori-darmon va yonilg‘isiz qoldirilganini qoralagan.

«Vaziyat shu qadar xatarli tus olganki, bundan-da yomon bo‘lishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi», – deydi senator Sanders.

Isroil bombardimonlarida G‘azodagi tibbiyot maskanlari vayron bo‘lganini urg‘ulagan siyosatchi elementar sharoit va dori-darmon yo‘q vaziyatda bemorlarni qutqarish uchun kurashayotgan falastinlik shifokorlarni qahramonlar deb atagan.

AQShdagi oqsoqol siyosatchilardan biri sanalgan Berni Sanders avval ham Isroil G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi sababli dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida obro‘sini yo‘qotayotganini aytgan, shunga ko‘ra prezident Jo Baydendan Isroil rahbariyatiga tinch aholi vakillarini o‘ldirmaslik borasida shart qo‘yishni talab qilgan edi. Yahudiy millatiga mansub Berni Sanders Vashington tomonidan Tel-Avivga  dahshatli urushni davom ettirishi uchun yana ko‘p milliardlik ko‘mak ajratishni mas’uliyatsizlik deb atagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring