Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya vositachiligida Rossiya–Ukraina urushida asir olingan 10 xorijlik ozod qilindi

Saudiya vositachiligida Rossiya–Ukraina urushida asir olingan 10 xorijlik ozod qilindi

Foto: SPA

Saudiya Arabistoni vositachiligida Rossiya–Ukraina urushida asir olingan 10 nafar chel el fuqarosi ozod qilindi. Bu haqda podshohlik tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

Bayonotga ko‘ra, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon insonparvarlik tamoyillariga ko‘ra asirlarni ozod qilishda jonbozlik ko‘rsatgan.

Buyuk Britaniya, AQSh, Shvetsiya, Xorvatiya va Marokash fuqarolari bo‘lgan 10 harbiy asir samolyotda Saudiya Arabistoniga keltirilgan. Ular tegishli tartibda vataniga qaytarilishi kutilmoqda. Asirlardan uch nafari (ikki britaniyalik va marokashlik) tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi sudi tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.

Avval xabar berganimizdek, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ukraina prezidentining maxsus vakili Rustem Umerov bilan uchrashuvda harbiy ziddiyatning gumanitar oqibatlarini yengillatish yo‘lida choralar ko‘rilayotganini qayd etgandi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass qirollik fuqarolari bo‘lgan harbiy asirlarning ozod etilishini olqishlab, Ukraina va Saudiya Arabistoni rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, asirlar almashuvi doirasida Rossiya Ukrainaga 215 nafar harbiyni qaytargan. Rossiyaga esa 55 mahbus, jumladan, prezident V.Putin bilan yaqin munosabatga ega ekani aytiladigan kremlparast siyosatchi Viktor Medvedchuk topshirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring