Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saljuq Bayraktar AQSh uchog‘ini ortda qoldiradigan kashfiyot haqida gapirdi

Saljuq Bayraktar AQSh uchog‘ini ortda qoldiradigan kashfiyot haqida gapirdi

Turkiyaning tovushdan tez parvoz qiluvchi Kızılelma uchog‘i beshinchi avlod aviatsiyasida peshqadam bo‘lishi kutilmoqda. Baykar Makina shirkati texnik direktori Saljuq Bayraktarga ko‘ra, Kızılelma AQShning F-35 uchog‘ini ham ortda qoldirishi ko‘zlangan.

Uchuvchisiz parvoz qiluvchi Kızılelma qurilmasining ilk sinovi 2022 yil dekabr oyida o‘tkazildi.

«Biz tovushdan tez parvoz qiluvchi uchoq yaratish ustida ishlyapmiz. Bu jihatdan, Kızılelma aviatsiya sohasida inqilob yasaydi. U havo jangida klassik jangovar samolyotlarga qarshi qo‘llanadi. Uchoqning ilk parvoziga qarab uni ko‘plab mamlakatlarda istifoda etilayotgan samolyotlar bilan muqoyasa qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. U butkul tayyor holga kelgach, bir necha ko‘rsatkich bo‘yicha F-35 uchog‘ini ham ortda qoldiradi», – deydi Massachusets texnologiya instituti bitiruvchi Saljuq Bayraktar.

Muhandisning so‘zlariga ko‘ra, Kızılelma xuddi F-35 kabi beshinchi avlod qiruvchi uchoqlari sirasiga kiradi. Ammo u turdosh uchoqlardan farqli ravishda masofadan boshqariladi.

Kızılelma 12 ming metr balandlikda 1-1,5 tonnaga qadar o‘q-dori bilan parvoz qila oladi. U aviatashuvchi kemadan ham havoga ko‘tarilish va qo‘nish xususiyatiga ega.

So‘nggi yillarda Baykar Makina shirkati  ishlab chiqargan Bayraktar rusumli dronlar mudofaa bozorida xaridorgir bo‘lib bormoqda. Anqara hozirga qadar mazkur qurilmalarni Ukraina, Qatar, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston kabi davlatlarga yetkazib bergan. Turkiya o‘z tarixida ilk bor Yevropa Ittifoqiga ham uchuvchisiz qurilmalarini sota boshladi.

Forbes nashri Turkiya shirkati 2022 yilda eksport borasida raqobatchilari Rossiya va Xitoyni ortda qoldirgani haqida yozdi.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘tgan yili katta miqdorda Bayraktar dronlarini xarid qilgan. Masalan, Qirg‘iziston va Turkmaniston o‘nlab Bayraktar TB2 qurilmalarini sotib olgan. Qozog‘iston esa 2022 yil may oyida o‘z hududida turk dronlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Avval xabar berganimizdek, Baykar Makina shirkati texnik direktori Saljuq Bayraktar 2022 yil iyun oyida Buxoro shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumida qatnashib, ishbilarmonlik va media yo‘nalishida mahorat darsi o‘tgan edi. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar nomini ehtirom bilan yodga olgan taniqli tadbirkor turkiy dunyo yangi yuzyillikda munosib darajaga ko‘tarilishiga ishonch bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring