Rossiyalik muxolifatchi 25 yilga qamaldi
Moskva shahar sudi muxolifatchi Vladimir Kara-Murzani (xorijiy agent deb topilgan) davlatga xiyonat qilish va armiya haqida feyk tarqatganlikda ayblab, 25 yil muddatga qattiq rejimli koloniyaga hukm qildi.
Shuningdek, sud uni 400 ming rubl miqdarida jarimaga tortdi va ozodlikka chiqqanidan keyin yetti yil jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqladi.
Ish «maxfiy materiallar mavjudligi» vaji bilan yopiq eshiklar ortida o‘tgan. Himoyachi raislik qiluvchi sudya Sergey Podoprigorovni lavozimidan chetlashtirishni talab qilgan, biroq talab inobatga olinmagan.
Vladimir Kara-Murza — telejurnalist, rejissyor va publitsist. Boris Nemsov jamg‘armasining sobiq raisi. 2015—2016 yillarda «Xalq erkinligi» partiyasi rahbarining o‘rinbosari, 2019 yil sentyabrdan 2022 yil fevralgacha «Exo Moskva» va «Ozodlik» radiosi dasturlarini olib borgan. U «Birdamlik» demokratik harakati va Rossiya muxolifatining muvofiqlashtiruvchi kengashi a’zosi edi.
O‘tgan yilning aprel oyida xavfsizlik kuchlari Vladimir Kara-Murzani politsiyachiga bo‘ysunmagani uchun hibsga olgan edi. Dastlab unga 15 sutkalik qamoq jazosi tayinlanadi. Biroq darhol muxolifatchiga nisbatan boshqa modda bo‘yicha ish ochiladi. Bunga Kara-Murzaning 2022 yil 15 mart kuni AQShda Arizona shtati Vakillar palatasi a’zolari oldidagi nutqi sabab bo‘lgan.
Shu kuni Moskvaning Basmanniy tuman sudi Kara-Murzani hibsga oldi. 2022 yilning yozida unga nisbatan boshqa ayblovlar ham e’lon qilinadi.
Muxolifatchi o‘z aybini tan olmaydi va jinoiy ta’qibni siyosiy motiv deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Kara-Murza 2015 hamda 2017 yillarda zaharlanish alomatlari bilan shifoxonada davolanib chiqqan. Tekshiruv natijalariga qaraganda, Navalniyning ortidan soyadek ergashib yurgan shaxslar Kara-Murza zaharlangan kezlarda ham unga hamrohlik qilganlar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter