Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya, Xitoy, AQSh... Ekspert ulardan qay biri Markaziy Osiyoda faolroq ekanini aytdi

Rossiya, Xitoy, AQSh... Ekspert ulardan qay biri Markaziy Osiyoda faolroq ekanini aytdi

Foto: TASS

Tahlilchilar so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyoda dunyoning yirik davlatlari, xususan, Rossiya, Xitoy, AQShning faolligi ortgani, mintaqa uchun o‘ziga xos raqobat kuchayayotgani haqida gapirmoqda. Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis, siyosatshunos Arkadiy Dubnov ham «Kommersant’» gazetasi muxbiri bilan suhbatda Moskva, Pekin hamda Vashington mintaqa bilan robitalarni faollashtirishga urinayotganini qayd etdi. 

«Markaziy Osiyo global o‘yinchilarning sinchkov nigohi ostida qolmoqda. Negaki qit’adagi barcha logistik zanjirlar ayni shu nuqtada tutashadi», – deydi u. 

Ekspertga ko‘ra, Markaziy Osiyo makonida Xitoy eng faol davlat hisoblanadi.

«Rossiya (Markaziy) Osiyo mamlakatlariga biror bir jiddiy iqtisodiy loyiha taklif etmayapti», – deb hisoblaydi A.Dubnov.

Savdo va sarmoya hajmi keskin oshgani Pekinning faollashgani dalili sifatida keltirilgan. Yevroosiyo taraqqiyot banki 2022 yil oxirida e’lon qilgan mintaqa iqtisodiyotiga doir hisobotga ko‘ra, so‘nggi 20 yilda Xitoy Markaziy Osiyo bilan savdo hajmi borasida Rossiyadan ancha o‘zib ketgan. Ushbu muddat ichida Xitoyning Turkmaniston bilan savdo ko‘rsatkichlari 200 baravar, O‘zbekiston bilan esa 100 baravar ortgan.

Qolaversa, Pekin mintaqa bilan hamkorlikni faollashtirish uchun turli tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, Xitoy – Markaziy Osiyo formatidagi uchrashuv joriy yil may oyida o‘tishi kutilmoqda.

14 aprel kuni Samarqand shahrida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Siyosatshunos A.Dubnov ushbu mashvaratda MDHning biror bir davlati Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushini qo‘llab-quvvatlamaganiga e’tibor qaratgan. Bu esa mintaqaning Moskva bilan munosabatlarda masofa saqlashga urinishi o‘laroq baholangan.

Ukraina bosqini ortidan mushkul vaziyatga tushib qolgan Rossiya nafaqat Markaziy Osiyo bilan hamkorlik, balki boshqa geosiyosiy masalalarda ham Xitoyga yon berishga majbur bo‘layotgani aytilmoqda. Ayrim tahlilchilar esa Rossiya de fakto Xitoyning vassaliga aylangan deb hisoblaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring