Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya tashqi ishlar vaziri Qirg‘izistonga aql o‘rgatdi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Qirg‘izistonga aql o‘rgatdi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qirg‘izistonda qabul qilingan davlat tili to‘g‘risidagi qonunga e’tiroz bildirdi.

Markaziy Osiyoda davlat tili qonunchiligiga e’tibor kuchayayotganidan noroziligini yashirmagan Rossiya bosh diplomati Qirg‘izistonda qabul qilingan hujjatni demokratiyaga zid deb yozg‘irgan.

«Qirg‘izistonda bir necha oy avval qonun qabul qilindi. Ushbu g‘oya paydo bo‘lgan ilk kezlardayoq qirg‘iz hamkasblarimizni bu demokratiyaga to‘g‘ri kelmasligi borasida ogohlantirgan edik. Davlat xizmatchilari qirg‘iz tilini bilishi va shu tilda faoliyat yuritishi kerakligi talabini nazarda tutmoqdaman. O‘qituvchilar va davlat tibbiy muassasalari shifokorlari ham davlat xizmatchilari toifasiga kiritilgan», – deydi S.Lavrov.

Rus diplomati rasmiy Bishkek bu borada bir necha bor ogohlantirilgani, muzokaralar yana davom ettirilishiga sha’ma qilgan.

Kuzatuvchilar Kreml vakilining ushbu bayonotini suveren maqomdagi davlat ichki ishlariga aralashuv deya baholamoqda.

«Rossiya tomoni Qirg‘izistonni qonun qabul qilishdan oldin ogohlantirgan ekan. Lekin Qirg‘iziston bunga quloq solmabdi. Ma’lumot uchun: Qirg‘iziston ham O‘zbekiston kabi mustaqil suveren davlat va Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirmaydi», – deb yozdi Oliy Majlis sobiq deputati Rasul Kusherboyev.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil may oyida Qirg‘iziston parlamenti – Jo‘qorg‘u Kenesh davlat tiliga doir konstitutsiyaviy qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi.

Unga ko‘ra, qirg‘iz tilini o‘rta (B1) darajada bilmaydigan fuqarolar davlat va mahalliy boshqaruv tizimida ishlashi mumkin emas. Teleradiokompaniyalar o‘z ijodiy mahsulotlarining yarmidan ko‘pini qirg‘iz tilida tayyorlashi kerak. Veb-saytlarning qirg‘iz tilidagi versiyasida boshqa tillardagi versiyalardan kam axborot joylashtirilishi ham mumkin emas. Ayni choqda, qonunda rus tili rasmiy lison sifatida istifoda etilishi qayd etilgan.

Konstitutsiyaviy hujjat 17 iyul kuni mamlakat prezidenti Sadir Japarov tomonidan imzolandi.

Rasmiy Moskvaning bir zamonlar o‘z qalamravida bo‘lgan, ayni paytda esa suveren maqomga ega davlatlarga til siyosati borasida aql o‘rgatishi yangilik emas.

2020 yilda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekiston Respublikasining rasmiy doiralarda davlat tili ustuvor bo‘lishini belgilovchi qonun loyihasiga ham e’tiroz bildirgan edi.

Kreml jarchilaridan bo‘lgan xonim O‘zbekistonda o‘zbek tilida ish yuritishga qaratilgan qonun loyihasining tarafdorlari juda ozchilikni tashkil etishini iddao qilgan edi. Bu hol Rossiyaning «katta og‘alik» kayfiyatidan voz kechishi mushkul kechayotgani, imperiyachilik qutqusi asorati o‘laroq baholangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring