Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalari mehnat migrantlari yetishmasligidan qiynalmoqda

Rossiya qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalari mehnat migrantlari yetishmasligidan qiynalmoqda

Foto: «Newizv.ru»

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Viktoriya Abramchenko mamlakat qishloq xo‘jaligi, mehnat hamda ichki ishlar vazirliklariga Rossiyadagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga mehnat migrantlarini jalb etish masalasiga yechim topish borasida topshiriq berdi.

RBK xabariga ko‘ra, Abramchenkoga ushbu masalani dastavval qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jambulat Xatuov ko‘tarib chiqqandi. Xatuov ayrim qishloq xo‘jaligi ishlari uchun migrantlarni jalb etish zarurligini, ularda (asosan o‘zbekistonlik va tojikistonlik ishchilarni nazarda tutgan — tahr.) buning uchun yetarli tajriba borligini ta’kidlagandi. Shuningdek, ayrim hududlardagi soha vakillari ham chet ellik ishchilarni jalb etish kerakligini so‘rashgandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada migrantlarni jalb etganlik uchun ish beruvchilardan to‘lov undirilishi masalasi ko‘rib chiqilyapti.

O‘tgan yil mart oyida kovid pandemiyasi tufayli Rossiya migrantlar uchun yopilgandi.

Migrantlar kelishi cheklangach, Rossiyada qurilish sohasi ham ishchi kuchi yetishmasligi muammosiga yo‘liqqan. Xususan, Rossiya qurilish kompaniyalarining 47 foizi ishchilar yetishmasligidan qiynalyapti, natijada ob’yektlarni topshirish muddatidan kechikmoqda, bu esa qurilish tashkilotlari uchun jiddiy moliyaviy yo‘qotishlar bilan xavf solmoqda.

Ushbu xabarga ko‘ra, Rossiya hukumati chet ellik ishchilarni qurilishlarga olib kelish jarayonlarini osonlashtirish masalasini ham ko‘rib chiqyapti. Aytilishicha, maxsus komissiya O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkiyadan quruvchilarni jalb etish bilan shug‘ullanadi. Ammo yangi qoidalardan barcha qurilish kompaniyalari ham foydalanmoqchi emas, chunki bu ular uchun qo‘shimcha xarajat degani.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring