Ringni zabt etgan «dev»
Bolalik, maktab va... gitara
Xalk Xogan (haqiqiy ismi Terri Jin Bollea) 1953 yil 11 avgustda Amerikaning Jorjiya shtati, Ogasta shahrida quruvchi va raqs o‘qituvchisi oilasida tug‘ilgan. U tug‘ruqxonada eng bahaybat chaqaloq, maktabda eng novcha o‘quvchi, kollejda eng ulkan talaba edi. «Birinchi sinfda oldingi partada o‘tirgan qiz meni ilk bor ko‘rganida shunday deb so‘ragandi: «Sening kallang hamisha shunday katta bo‘lganmi?» – deya eslaydi Xalk Xogan. – O‘shanda maktabga borganimning birinchi kuni edi. Bu gapdan rosa ko‘nglim o‘ksigan».
Ha, Xalk bolalik davridan beso‘naqay, bahaybat edi. U beysbol va kurash bilan shug‘ullana boshladi. Hamisha g‘alaba sari intildi.
Xogan Janubiy Floridadagi universitetga o‘qishga kirdi. Tijorat va iqtisodni puxta o‘rgana boshladi. Universitetni tugatgach, biznes-ma’muriyatchilik sohasi bo‘yicha mahalliy bankka ishga kirdi. Bo‘yi ikki metrli Xalk idorada u yoqdan-bu yoqqa sanqir, ammo unga mos ish stoli topilmasdi. Ishdan so‘ng u gitara chalish uchun do‘stlarinining oldiga oshiqar – universitetda o‘qigan chog‘larida musiqaga bog‘lanib qolgan edi.
Xalk jismoniy mashqlarni kanda qilmadi. U deyarli har kuni sport zaliga kelardi. Kunduzgi tashvishlardan so‘ng kechqurun yana bir xizmati boshlanar – mahalliy barlardan birida qo‘riqchilik qilardi. Uni aynan o‘shanda Jek Brisko payqab qoldi.
Nihoyat... ringda!
Brisko bilan uchrashuvdan so‘ng Xalk bankdagi ishi, musiqiy qiziqishlari va tungi qo‘riqchiligiga nuqta qo‘ydi. Axir, kimsan – mashhur trener Xiro Matsuda bu yigitchani tayyorlashga rozi bo‘lgandi. Bir qadar og‘ir, ammo Xogan uchun huzurbash mashg‘ulotlar boshlandi. Matsuda chinakam iste’dod egasi edi. U Xalk Xoganning professional sportchi sifatida tanilishiga ulkan hissa qo‘shdi.
Xogan restlingda 1978 yili dev misoli paydo bo‘ldi. 1980 – 1990-yillar mobaynida mashhurlik cho‘qqisiga chiqdi. U og‘ir vaznlilar bo‘yicha 12 karra chempion bo‘ldi. Xogan ringda ko‘plab nomlar orttirdi: Super Buzuvchi, Oltin Sterling, Terri Palaxsa, Mo‘’jizaviy Xalk Xogan, Xalk Mashina, Hollivud Xogan, Janob Amerika...
Xalk Xoganni yengilmas restlingchi sifatida bilganlaridan buyon u sportdagi faoliyatida professional restlingda mumkin va mumkin bo‘lmagan barcha g‘alabalarga erishgandi. 1984 yili professional restlingchi bo‘lgan Xalk Ayron Sheyk ustidan mislsiz zafar qozonib, jahon chempionatidagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. 1984 yildan 1991 yilgacha jahon chempioni unvonini ushlab turdi. Uning restlingdagi eng mashhur jangi esa fransiyalik 250 kilogramm vaznli raqibi Bahaybat Andre bilan bo‘lib o‘tdi. Xogan Andreni dast ko‘tarib, ringga uloqtirdi va milliy qahramonga aylandi.
Bahaybatlar ekranga ham kerak
Restling yulduzi sifatida tanilgan Xalk Xogan 1977 – 1986 yillarning televizion seriali bo‘lmish «Sevgi qayig‘i»da rol o‘ynashga taklif qilindi. O‘shanda boshlovchi aktyor o‘z kuchi va sportdagi uddaburonligini ishga solib, asosan, jangari filmlarda o‘ynadi. Katta ekranga esa u Silvestr Stallonening 1982 yili suratga olingan «Rokki-3» epopeyasidagi kichik roli bilan kirib keldi. Bosh rollarni Silvestr Stallone, Taliya Shayr, Bert Yang ijro etishdi.
«Rokki-3» xitga aylanib, restslerlarning yovuz bo‘lishiga nuqta qo‘yildi va haqiqiy Xalkomaniya boshlandi. Stallone tufayli kelgan muvaffaqiyat Xalk Xoganni diqqatga sazovor millat kishisiga aylantirdi. U restlingni o‘zgartirgan birinchi jangchi, qolaversa, estrada aktyori, kinoyulduz va salkam rok-n-rol yulduzi hisoblanardi.
Shundan so‘ng Xalk Xogan «Qoidasiz» jangari filmida, shuningdek, Zak Galligan, Fibi Keyts, Jon Glover bilan birga Jo Dantening fantastik komediyasi bo‘lgan «Gremlinlar-2: yangi otryad»da rol ijro etdi. U «Malibu qutqaruvchilari», «A komandasi» seriallarida ham faol qatnashdi. 1989 yili esa Joan Sererens bilan birga restling haqida suratga olingan «Taqiqlangan usullar» filmida Shep Remsi rolini ijro etib, qay darajada mashhurligini sinab ko‘rdi.
«Restlingdan haydalsin»
1991 yili rejissyor Bert Kennedining «Shahar chekkasidagi kommando» filmida bosh rol – xaloskor-ritsarni o‘ynagan Xalk Xogan keng tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Rejissyor Maykl Gottlibning «Janob enaga» nomli oilaviy komediyasida esa tarbiyasi og‘ir ikki bolaga ham tansoqchi, ham enaga qiluvchi qahramonni ijro etdi. Bosh rollarni aktyorlar Sherman Xemeli va Ostin Pendlton o‘ynashdi.
O‘sha yili muxlislar Xalk Xoganni Daglas Shvarsning «Jannatdagi bo‘ron» jangari filmida ham ko‘rishdi. Undagi J.Spenser roli aktyorni butun jahonga tanitdi. Film, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida mashhur bo‘ldi. 1994 va 1995 yillarda mazkur kinoasarning ikkinchi va uchinchi qismlari ham suratga olindi. Xalq Xoganning qahramoni talay jasoratlar ko‘rsatib, tomoshabinlar kutgan ishonchni oqladi. Aktyorning iste’dodi va mahorati qisqa fursat ichida o‘z muxlislarini topishiga yordam berdi.
1994 yili Xoganni stereoidlar iste’mol qilganlikda ayblashgan va u restlingni tark etishga majbur bo‘lgandi. Xalk asosiy vaqtini butunlay kinoga qaratdi va TVda chiqa boshladi.
1996 yili «Bahodir Santa-Klaus» komediyasi ekranlarga chiqdi. Rejissyor Jon Marlovski Xalk Xogan, Don Stark va Robin Kertisni bosh rolga taklif qilgandi. Film boshidan jarohat olgan, xotirasini yo‘qotib, uyqudan uyg‘ongan va o‘zini Santa-Klaus deb hisoblagan hollivudlik yaramas millioner haqida hikoya qiladi.
Shundan so‘ng aktyor rejissyor Jon Marlovskining «Josuslar klubi» jangari filmida Metyu MakKerli va Lesli-Enn Daun bilan birga rol ijro etdi.
Xohish amalga oshmadi
Xalk Xogan hamisha shov-shuvli filmda suratga tushish va Hollivudda ham xuddi restlingdagidek tanilishni xohlardi, ammo bunday bo‘lmadi. Uning ishtirokidagi eng tomoshabinbop kartina 1997 yili ishlangan rejissyor Jon Kassarning «Keskin talab» filmi bo‘ldi. Bu safar Xalk Xogan o‘z ishining ustasi hisoblangan yollanma jangchi Ben Katterni o‘ynadi. Uning qahramoni tinchlik o‘rnatuvchi guruhga rahbarlik qiladigan komandir edi. O‘sha yili aktyor ishtirokidagi yana bir film – «Iblislar oroliga hamla» ekranlarga chiqdi.
Xalk Xogan ijro etgan kinoasarlar alohida diqqatga sazovor bo‘lib, yakka tarzda va oilaviy tomosha qilinardi. 1998 yili bolalar jangari filmi – rejissyor Shon MakNamarning «Uch nindzya: Mega tog‘idagi jazirama choshgoh» ekranga start oldi. Bosh rollarda Xalk Xogan, Loni Anderson, Jim Verni va Metyu Botuchislar «chaqnab» turardi. Film jiu-jitsu va kung-fu kabi jang san’atini egallagan uch nafar ajralmas aka-uka – Roki, Kolt, Tam-Tam haqida hikoya qiladi. Ular teleyulduz Deyv Ajdarhoni o‘g‘irlab ketgan yovuz Meduzaga qarshi kurashga otlanadilar. Shundan so‘ng Xogan rejissyor Sem Firstenbergning «MakKinsi oroli» filmidagi ikkinchi darajali rolga tasdiqlandi, bosh rollarga Tom Eykos, Billi Berd, Li Brayant taklif qilingandi.
1999 yilda Xogan sportga qaytdi. Aynan u tufayli restling qo‘shma shtatlarda mislsiz ravishda ommalashdi va son-sanoqsiz muxlislar orttirdi. Kinodan zarracha uzoqlashmagan Xoganning ro‘yxatida «Aytib bo‘lmas Syuzan», «Iblislar oroliga hamla-2: O‘lim tog‘i» kabi mashhur filmlar ham joy oldi. Omadli ishlaridan biri esa 1999 yili ishlangan Tim Xillning «Koinotdan kelgan mappet-shou» fantastik komediyasidagi kichik roli bo‘ldi.
2008 yili Xalk Xogan «Yosh Gerkulesning 3D dagi sarguzashti» oilaviy komediyasida Zevs rolini ijro etdi. Film syujeti bo‘yicha Zevs itoatsiz yosh Gerkulesni jazolash uchun yerga yuboradi. Gunohkor zaminda esa Gerkulesni birinchi romantik muhabbat, birinchi diskoteka, maktabdagi og‘ir damlar kutib turardi.
Gladiatorlar shousi
2007 yildan boshlab Xogan «Amerikalik gladiatorlar» shousini olib bora boshladi. U shunday dedi:
«Bizning realiti-shoumiz shuning uchun mashhurki, tomoshabinlar oilalardagi haddan oshishlardan charchashgan. Osbornlar shousini qarang: nuqul xonadonlarda ro‘y beradigan tartibsizlik, masalan, giyohvandlik, nomutanosib qilmishlar, quyushqondan chiqqan bolalar va hokazolar borasida nazorat o‘rnatish shart. Tomoshabinlar uchun esa risoladagidek xonadonni, er-xotin o‘zaro janjallashishsa-da, me’yordan chiqmaydigan sog‘lom oilani ko‘rish yoqimli».
Aktyor bo‘sh vaqtlarida bemor bolalar markaziga tashrif buyurib, har tomonlama yordam qo‘lini cho‘zadi. U kitob ham yozgan.
Kinodagi rollari, xayriyasidan tashqari Xalk Xogan animatsiyali filmlarga ovoz berishda qatnashgan. U «Qoidasiz», «Shahar tashqarisidagi kommando», «Jannatdagi bo‘ron», «Iblislar oroliga hamla» va «Iblislar oroliga hamla-2: O‘lim tog‘i» filmlariga prodyuserlik qildi.
Bir qiz, bir o‘g‘il, ammo...
1982 yilning sentyabrida Xalk Xogan Los-Anjelesdagi diskotekalardan birida manikyurchi Linda Klerij bilan tanishgandi. Bir yil o‘tib, ularning to‘yi bo‘ldi. Oilada farzandlar dunyoga keldi: qizaloq Bruk va o‘g‘il bola Nikolas. Biroq...
Yigirma besh yillik birgalikdagi turmushdan so‘ng ular hammani hayron qoldirib ajrashishdi.
«Restlingda jirkanch qoidalar ko‘p. Biroq keyingi paytlarda xotinimdan ko‘rgan jabr-sitamlarim oldida ringdagi raqiblarimning zarbalari hech nima bo‘lmay qoladi. Naqadar jirkanch bu».
Xuddi shu so‘zlarni aytgan Xalk Xogan Jennifer MakDaniel bilan topishdi. O‘shanda 2010 yil edi. Oradan 11 yil o‘tib, 2021 yilda Xogan bu rafiqasi bilan ham ajrashdi...
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter