Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston rossiyalik siyosatchilarni “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Qozog‘iston rossiyalik siyosatchilarni “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Qozog‘iston hukumati Rossiya Davlat dumasining to‘rt nafar amaldagi a’zosi hamda bir nafar sobiq deputatni mamlakat hududiga kirishini taqiqladi. Bu haqda Deutsche Welle hukumatdagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Ostonaning “qora ro‘yxat”iga Davlat dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy, Davlat dumasi qo‘mita raisi o‘rinbosari Vyacheslav Nikonov, iqtidordagi “Yedinaya Rossiya” partiyasidan saylangan deputatlar – Yevgeniy Fyodorov va Konstantin Zatulin, shuningdek, “Rossotrudnichestvo” rahbari va sobiq deputat Yevgeniy Primakov kabi shaxslar kiritilgan. Ular Qozog‘iston Respublikasi hamda uning rahbariyatiga nisbatan haqoratomuz va dushmanona fikr bildirgan.

Vitse-spiker Pyotr Tolstoy avvalroq Rossiya uchun Ukrainadan keyin Qozog‘iston muammo bo‘lishini aytgan va Qozog‘istonni o‘z tarixini to‘qib chiqarishda ayblagan edi.

2020 yil dekabr oyida Davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalning “Bolshaya igra” dasturida Qozog‘iston degan davlat mavjud bo‘lmagan deya bayonot bergandi. “Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir”, – deya iddao qilgandi u.

Deputat va “Yedinaya Rossiya” partiyasi Markaziy kengashi a’zosi Yevgeniy Fyodorov esa sobiq Ittifoq davlatlari suverenitetini shubha ostiga olgandi. Uning da’vosiga ko‘ra, SSSR respublikalarining har biri Ittifoq tarkibidan noqonuniy ravishda chiqqan va shu sababli ertami-kechmi Rossiya bilan qurolli ziddiyatga boradi.

Fyodorov, shuningdek, hamkasbi V.Nikonovning bahsli fikrini qo‘llab-quvvatlab, Qozog‘iston rahbariyatidan Olmaota shahrini Rossiyaga qaytarishni talab qilgan edi.

Konstantin Zatulin esa Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk va Lugansk hududlarini alohida respublika sifatida tan olishdan bosh tortgani vajidan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevni tanqid qilgandi.

Markaziy Osiyo davlatlarining suveren maqomga ega ekanini yoddan ko‘targan Zatulin mintaqa mamlakatlarining tashqi siyosiy munosabatlariga ham aralashishga uringani ma’lum.

Deutsche Welle nashriga ko‘ra, rossiyalik propagandachilar Tina Kandelaki va Tigran Keosayan, siyosatshunos Nikita Mendkovich, “rus dunyosi” mafkurasining asoschisi Aleksandr Dugin, tarixchi Andrey Grozin ham Qozog‘istonda istalmagan shaxslar ro‘yxatiga tirkalgan.

Avval xabar berganimizdek, Ukraina urushini tish-tirnog‘i bilan himoya qilib kelayotgan Tigran Keosayan YouTube kanalida Qozog‘iston sha’niga nomaqbul so‘zlar aytgan edi. Rossiya propagandasining yalovbardorlaridan sanalgan jurnalist jazavali chiqishida boshqa postsovet respublikalariga ham tahdidomuz ogohlantirish yo‘llagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring