Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston Orolni qutqarish borasida qanday choralarni amalga oshirmoqchi?

Qozog‘iston Orolni qutqarish borasida qanday choralarni amalga oshirmoqchi?

Qozog‘iston Respublikasi 2024-2026 yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi. Jamg‘arma Ijroiya qo‘mitasi raisi Asxat Orazbay ushbu muddat ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

«Aholi soni oshib borayotgan, davlatlar iqtisodiyoti jadal o‘sayotgan, jon boshiga suv iste’moli ortayotgan zamonaviy sharoitda tabiatga, atrof-muhitga yuklamalar ko‘paymoqda. Antropogen ta’sirining bu tariqa kuchayishi global iqlim o‘zgarishi jarayonlarini ham tezlashtiradi. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda bu jarayonlar sayyoramizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan-da jadalroq kechadi. Xususan, Orol dengizi havzasidagi ekologik inqiroz suv manbalarining ifloslanishi va taqchillashuvi, yer degradatsiyasi, katta hududlarning bo‘shab qolishi, o‘rmonlar, ekolandshaft va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga olib kelmoqda. Orol dengizining qurib qolgan ulkan hududida yangi sahro – 54 ming kvadrat kilometrdan ziyod Orolqum vujudga keldi», – deydi Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi raisi.

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan vaziyat bu borada hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Shunga ko‘ra, Qozog‘iston raislik davrida suv manbalaridan foydalanish va ularni asrash, ekologik muammolarni hal etish, yashil iqtisodiyot usullarini joriy etish borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishni rejalashtirgan. Xususan, jamg‘arma boshqaruvi tomonidan ma’qullangan ikki dastur (Orol dengizi havzasi mamlakatlariga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar dasturi va  Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti uchun atrof-muhitni muhofaza etish mintaqaviy dasturi) amalga tatbiq etiladi.

Qozog‘iston Jahon banki ko‘magida qurib borayotgan dengizning mo‘’jaz qismi – Kichik Orol yoki Shimoliy Orolni tiklash uchun chora-tadbirlar amalga oshirdi. Mintaqada saksovul o‘tqazish tadbiri davom ettirilmoqda. Ayni choqda, Sirdaryo suvi va unga muvofiq ravishda Shimoliy Orol suvi kamayishdan to‘xtagani yo‘q.

«Baliqchilik qisqardi va bu mahalliy aholi bandligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Cho‘llanish va suv sifatini yomonlashuvi sabab aholi orasida kasalliklar yana ortmoqda. Xo‘sh, fojia qayta takrorlanmaydimi? Mahalliy aholining kayfiyati, rejalari qanday? Savollar bisyor va ularning bari bir-biriga chambarchas bog‘liq», – deydi Asxat Orazbay. 

Jamg‘arma vakili barcha muammolarni izchil ravishda o‘rganish asosida yechimlar ishlab chiqishni tavsiya etgan.

Masalan, Orol dengizi havzasi mamlakatlariga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar dasturida 12 ta loyihaviy taklif ilgari surilgan. Jumladan, suv va qishloq xo‘jaligi, energetika sohalarini iqlim o‘zgarishlariga hamohang holda isloh qilish ko‘zda tutilmoqda. 

Bu borada Markaziy Osiyoning biologik resurslarini asrab-avaylash, mintaqada ekologik innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan qator loyihalar amalga tatbiq etiladi.

Jamg‘arma Ijroiya qo‘mitasi raisiga ko‘ra, Qozog‘istonning raisligi davrida mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika manbalaridan samarali foydalanish mexanizmini yaratish, Orol dengizi havzasida suv manbalarini boshqarish, taqsimlash va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan yagona tizimini joriy etishga ham e’tibor qaratiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring