Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qiz noyob kasallik tufayli o‘n kundan ortiq uxladi

Qiz noyob kasallik tufayli o‘n kundan ortiq uxladi

Foto: «Mashable SE Asia»

Indoneziyaning Banjarmasin shahrida yashovchi qiz noyob kasallik tufayli o‘n kundan ortiq uxladi. Bu haqda Mashable SE Asia nashri xabar bermoqda.

16 yoshli Siti Raisa Miranda 1-aprel kuni uxlab, ketma-ket to‘qqiz kun uyg‘onmadi. Qiz bu vaqtning bir qismini shifoxonada o‘tkazdi, keyin ota-onasi uyiga olib ketishdi. Vaqti-vaqti bilan ovqatlantirish yoki hojatxonaga olib borish uchun uyg‘otib turishdi. Bu katta qiyinchilik tug‘dirdi. Shundan so‘ng qiz yana uyquga ketgan.

10-aprel kuni qiz uyg‘ondi, lekin bir kundan keyin yana uxlab qoldi, deb yozadi Kompas gazetasi. U haqida Indoneziya matbuotida oxirgi marta xabar berilgan 12-aprelga qadar u boshqa uyg‘onmadi.

13 yoshida qizga Kleyn-Levin sindromi tashxisi qo‘yilgan: uyqudagi sohibjamol sindromi deb ham ataladi. O‘shandan beri u bir necha marta uzoq uyquga ketgan.

«Agar sindrom bo‘lmaganida, hammasi yaxshi bo‘lardi, — deydi otasi. — U maktabga boradi, do‘stlari bilan o‘ynaydi. Koronavirus pandemiyasi paytida ham u onlayn darslar va topshiriqlarni yaxshi bajardi».

Kleyn-Levin sindromi — noyob nevrologik kasallik. Bunda odam gipersomniya holatiga tushib qoladi va uzoq vaqt uxlashi mumkin. Ko‘pincha o‘spirinlik davrida kuzatiladi. Kasallik million kishidan bittasida uchraydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring