Qirolichaning 100 yoshli ritsari koronavirusdan vafot etdi
Koronavirusga qarshi kurashda shifokorlar uchun millionlab funt sterling to‘plagan Ikkinchi Jahon Urushi faxriysi, britaniyalik Tom Mur COVID-19 tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.
Nashrning ma’lum qilishicha, Tom «shifoxonada olamdan o‘tgan». Uning yonida yaqinlari va qarindoshlari bo‘lgan. Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II shaxsan marhumning qarindoshlariga maktub yo‘llab, uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
100 yoshli britaniyalik 31-yanvar, yakshanba kuni shifoxonaga yotqizildi va reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazildi. Murning qizi otasi avval uyda bo‘lganligini, ammo unga kislorod apparati kerak bo‘lib qolganligini aytdi.
«So‘nggi bir necha hafta davomida u pnevmoniyadan davolandi. O‘tgan hafta esa u COVID-19ga topshirgan tahlili musbat chiqdi», — dedi u.
Iyul oyida Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II mablag‘ to‘plash bo‘yicha erishgan ajoyib natijalari evaziga faxriyga ritsarlik unvonini berdi. Marosim Vindzor qal’asi hududida bo‘lib o‘tdi. Qirolicha faxriyning yelkasiga otasi Georg VIning qilichini tegizdi.
2020-yil aprel oyida — tug‘ilgan kunidan ikki hafta oldin u Tom’s 100th Birthday Walk For The NHS xayriya aksiyasini o‘tkazdi — Mur maxsus yurish moslamasi yordamida o‘zining bog‘ini 100 marta aylanib chiqdi. Dastlab singan suyagini va saraton kasalligini davolagan shifokorlarga minnatdorchilik bildirish maqsadida bor-yo‘g‘i ming funt sterling (taxminan 14 million so‘m) yig‘ishni rejalashtirgandi. Pirovard natijada koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarga yordam berish uchun 32 million funt sterling (qariyb 460 milliard so‘m) ishlab topdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter