Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qamoqqa olingan sobiq prezident bir soat o‘tib ozod qilindi

Qamoqqa olingan sobiq prezident bir soat o‘tib ozod qilindi

Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) sobiq prezidenti Jeykob Zuma hibsga olindi, ammo qamoqxonada bo‘sh joy yo‘qligi vajidan bir soat o‘tib ozodlikka chiqarildi.

Sudga nisbatan hurmatsizlikda ayblanib 15 oy qamoq jazosiga hukm qilingan 81 yoshli Jeykob Zuma juma kuni o‘z ixtiyori bilan tug‘ilib o‘sgan viloyati – Kvazulu-Nataldagi ozodlikdan mahrum etish muassasasiga kelgan. Bir soat o‘tib esa, tutqungohda bo‘sh joy yo‘qligi asos qilinib qo‘yib yuborilgan.

Mamlakat adliya vaziri Ronald Lamola J.Zumaga nisbatan jamiyat uchun xavfi kam jinoyatchilarni ozod qilish dasturi tatbiq etilganini ma’lum qilgan. Vazir bu qaror jazo muassasasi tomonidan qabul qilingani, sobiq prezident imtiyozdan foydalanmaganini qayd etgan.

JARda qamoqxonalar to‘lib ketgani sababli jamiyat uchun xavfi kam jinoyatchilarni ozod qilish dasturi joriy etilgan. Tahlillarga ko‘ra, jazo muassasalarida sig‘imga nisbatan 47 foiz ko‘proq mahkum saqlanmoqda. Aprel oyida joriy qilingan dastur asosida 9 ming mahkum muddatidan avval ozod qilingan.

Muxolifat esa amaldagi ma’muriyatni sobiq prezidentga odil sudlovdan bo‘yin tovlashda ko‘mak ko‘rsatishda ayblagan.

J.Zuma 9 yillik prezidentlikdan keyin 2018 yilning fevral oyida jamoatchilikning bosimi va noroziligi ostida iste’fo berishga majbur bo‘lgan.

Korrupsiyada ayblangan siyosatchi barcha ayblovlarni rad etgan.

2021-yilda Zuma qamoqqa olinganidan keyin mamlakatda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklarda yuzlab odam halok bo‘lgan. 

Mahkamaga nisbatan hurmatsizlikda ayblangan siyosatchi 15 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Biroq u ikki oy o‘tib, sog‘lig‘i sababli qamoqdan chiqarilgan. Bu qarorni noqonuniy deb topgan apellyasiya sudi Zumani qamoqqa qaytarishni buyurgan.

Jeykob Zuma rasman zulus qabilalarining ko‘pxotinlilik an’anasiga sodiq ekanini ma’lum qilgan. Siyosatchining bir necha xotini, 18 farzandi borligi aytiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring