«Qamoqdan Kremlga!» – Putinga yaqin tadbirkorning parda ortidagi faoliyati
Ukraina urushi davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning do‘sti Yevgeniy Prigojinning siyosiy nufuzi keskin oshgani kuzatildi. Tadbirkor asos solgan «Vagner» xususiy harbiy shirkati Ukraina bosqinida faol qatnashmoqda. Prigojinning o‘zi esa goh Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu, goh sobiq prezident Dmitriy Medvedevni tanqid qilib, maqom-martabasi qanchalar baland ekanini pisanda qilayotgandek.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «Vagner» xususiy harbiy shirkatini «yollanma jinoyatchilar to‘dasi» deb atagan. AQSh bosh prokurori Merrik Garland Prigojinni «harbiy jinoyatchi» deb baholagan.
2013 yilda xususiy harbiy shirkat o‘laroq tashkil etilgan «Vagner»ning ta’siri oshib borayotgani siri nimada?
Bellingcat, The Insider va Der Spiegel nashrlari hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruv xulosasiga ko‘ra, Prigojin va uning harbiy shirkati Rossiya razvedka idorasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Qirollik mudofaa tadqiqotlari birlashgan instituti (RUSI) ilmiy xodimi Samuel Ramani ham Euronews tahririyatiga bergan intervyusida «Vagner»ning Rossiya boshqaruv tuzilmalari, xususan, razvedka idorasiga aloqador ekanini urg‘ulaydi.
«Shirkatning o‘quv markazi GRU (Bosh razvedka boshqarmasi) bazasiga yaqin hududda joylashgan. Bu ham Rossiya razvedka xizmati va «Vagner» guruhi o‘rtasidagi rishtani tasdiqlaydi», – deydi S.Ramani.
Tahlillarga qaraganda, xususiy shirkat niqobidagi «Vagner» guruhi dunyo miqyosida Kreml manfaatlarini himoya qilib, uning ta’sirini kuchaytirishga xizmat qiladi.
«Vagner»chilar Ukrainadan tashqari Suriya, Liviya, Mozambik, Sudan, Chad, Mali kabi davlatlarda jangovar faoliyat yuritadi.
Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘tgan yili e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Rossiya harbiy guruhi Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) noqonuniy qatl va zo‘ravonliklarni amalga oshirgan.
Ekspert Samuel Ramani birgina Ukrainada harbiy shirkatning 50 mingga yaqin yollanmasi a’zosi jang qilayotganini aytadi. Ayni choqda, u Baxmutdagi jiddiy talafotlar va yollanma jangchi topish mushkullashgani ortidan Ukrainada «vagner»chilar safi ancha siyraklashganini ta’kidlaydi.
Avvalroq AQSh Milliy xavfsizlik kengashi voizi Jon Kirbi ham Ukrainada «Vagner»ning 50 mingga yaqin askari jang qilayotganini ma’lum qilgan edi. Ularning 10 ming nafari shartnoma asosida faoliyat yuritayotganlar, 40 ming nafari esa ozodlik va’dasi bilan qamoqxonalardan keltirilgan mahkumlardir. Prigojin Ukrainadagi harbiy harakatlar uchun oyiga 100 million dollar sarflamoqda.
1961 yilda Sankt-Peterburgda tug‘ilgan Ye.Prigojin o‘tgan asrning 80-yillarida bir muddat qamoqda o‘tirgan. Ozodlikka chiqqach, biznes faoliyatiga kirishgan, xususan, yuqori martabali mulozimlarga taom yetkazish bilan shug‘ullangan. Shu tariqa «Putinning oshpazi» degan nom bilan tanilgan. V.Putin 2018 yili AQShning NBC telekanaliga bergan intervyusida Prigojin bilan shaxsan tanish ekanini tasdiqlagan, ammo uning davlat tuzilmalari bilan aloqalarini rad etgan.
Qirollik mudofaa tadqiqotlari birlashgan instituti ilmiy xodimi Samuel Ramani fikricha, Prigojinning kuch-qudrati va ta’sir ko‘lami aynan Putin bilan ko‘p yillik do‘stlik sabab oshib bormoqda.
Joriy yil mart oyida prezident Putin Rossiya qurolli kuchlariga ko‘mak beruvchi ko‘ngilli tuzilmalarni obro‘sizlantirish uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, ko‘ngillilarning harbiy tuzilmalarini obro‘sizlantirish uchun 15 yilga qadar ozodlikdan mahrum etish ko‘zda tutilgan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Vagner» shirkati ham ko‘ngilli tuzilma sirasiga kirishini qayd etgan.
Ye.Prigojin Ukraina urushiga askar yollash uchun jazoni ijro etish muassasalariga shaxsan o‘zi borib targ‘ibot o‘tkazib keladi. BMTning inson huquqlari bo‘yicha ekspertlari ta’kidicha, bu jarayonda mahkumlarning mushkul holatidan foydalanib ularga bosim o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra bu amaliyotni to‘xtatish talab qilingan.
G‘arb davlatlari, xususan, AQSh xulosasiga qaraganda, tadbirkor Prigojin Ukrainada yollanma askarlar sonini ko‘paytirish orqali Putin bilan yanada yaqin munosabatda bo‘lish va Kremlda o‘z ta’sirini oshirishga urinmoqda.
Prigojinga qarshi AQSh (2016), Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya (2020), Kanada, Yaponiya (2022) sanksiya joriy qilgan.
AQSh davlat departamenti Prigojin va uning qo‘l ostidagi 12 xodim haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot va’da qilgan. Rasmiy Vashington ularni AQShdagi siyosiy jarayonlarga aralashuv orqali mamlakatga zarar yetkazishda ayblamoqda.
Federal tergov byurosi esa Prigojinni qamoqqa olishga ko‘mak uchun 250 ming dollar to‘lashga tayyor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter