Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin Zaporoje AESni Rossiya nazorati ostiga o‘tkazish haqidagi hujjatni imzoladi

Putin Zaporoje AESni Rossiya nazorati ostiga o‘tkazish haqidagi hujjatni imzoladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga Zaporoje AESni Rossiya nazorati ostiga o‘tkazish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

Hujjat bilan «Zaporoje AESni ekspluatatsiya qilish tashkiloti» AJ tashkil qilinib, unga atom energiyasidan foydalanish sohasida o‘z yoki boshqa tashkilotlarni jalb qilgan holda, foydalanish va tugatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradigan tashkilot maqomi beriladi.

Shuningdek, joriy yilning 30-sentyabriga qadar berilgan Zaporoje AESning ishlashiga taalluqli barcha ruxsatnomalar (litsenziyalar) Rossiya qonunchiligiga mos keladigan shunga o‘xshash hujjatlar berilgunga qadar amal qilishi belgilandi.

Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, «Zaporoje AESni ekspluatatsiya qilish tashkiloti» AJ «Rosatom» davlat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi va Rossiyadagi barcha atom elektr stansiyalarining operatori bo‘lgan «Rosenergoatom» konsernining to‘liq sho‘’ba korxonasi hisoblanadi.

Zaporoje AES Dneprning chap qirg‘og‘ida, Energodar shahri yaqinida joylashgan. Bu bloklar soni va o‘rnatilgan quvvati bo‘yicha Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi  hisoblanadi (stansiyada har biri 1 gigavatt quvvatga ega oltita energiya bloki mavjud).

Ukrainaning bosib olingan hududlari qatorida AES ham mart oyidan beri Rossiya nazoratida. Rossiya tomoni buni «yadroviy va radioaktiv materiallarning sizib chiqib ketishining oldini olish» sifatida izohlab kelayotgan edi.

RIA Novosti nashriga ko‘ra, Zaporoje AESni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha tuzilgan Rossiya kompaniyasini Balakovo AESning sobiq bosh muhandisi Romanenko boshqarib kelgan. «Rosenergoatom» tez orada stansiyaning  barcha xodimlari qayta tashkil etilayotgan yangi tashkilot tarkibiga ishga olinishini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring