Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin vositachiligida Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan uchrashtirildi

Putin vositachiligida Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan uchrashtirildi

31-oktyabr kuni Sochi shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin vositachiligida Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uch tomonlama muzokara yakunida qabul qilingan bayonotga ko‘ra, Janubiy Kavkazda kuch ishlatishdan tiyilishga kelishilgan.

Ozarbayjon prezidenti I.Aliyev V.Putin bilan ikki tomonlama muzokarada Yerevan bilan munosabatlar besh asosiy tamoyil asosida izga tushirilishi maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlagan.

Qayd etish joizki, joriy yil mart oyida taqdim etilgan tinchlik bitimi bo‘yicha takliflar paketi o‘zaro suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro chegaralarni tan olish, bir-biriga nisbatan hududiy da’vo bilan chiqmaslik, BMT nizomlari doirasida ish tutgan holda bir-biriga tahdid solmaslik, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, o‘zaro transport va kommunikatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish kabilarni o‘z ichiga oladi.

«Qorabog‘ ixtilofi tarixga aylandi, u ikki yil avval hal etilgan. Shu bois ham bu borada muhokamaga hojat yo‘q. Ozarbayjon–Armaniston munosabatlarini izga solish esa juda jiddiy qadamlarni talab etadi», – degan I.Aliyev.

O‘z navbatida, Armaniston bosh vaziri Moskva tomonidan taklif qilingan yondashuvlar, Yerevan va Boku munosabatlarini o‘rnatishning asosiy tamoyillari maqbul ekanini qayd etgan.

Mezbon uch tomonlama uchrashuvni «foydali» deb atagan.

«Mushtarak xulosamizga ko‘ra, bu juda foydali uchrashuv bo‘ldi. Nazarimda, u ayrim muhim masalalar bo‘yicha istiqbolda kelishuvga erishish uchun zamin hozirladi», – degan Rossiya prezidenti.

Muzokara yakunida qabul qilingan bayonotda tomonlar kuch ishlatishdan tiyilish, muammoli masalalarni BMT Ustaviga binoan suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligi tamoyillari asosida muhokama qilish va hal etish istagini bildirgan. Ayni choqda, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik bitimi imzolash uchun faol hozirlik ko‘rish muhimligi ta’kidlangan. 

Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrda boshlangan 44 kunlik urush yakunida Ozarbayjon ishg‘ol ostida bo‘lgan yerlarini qaytarib oldi. 2020 yil 10 noyabrda imzolangan uch tomonlama bitimga ko‘ra Armaniston o‘z qurolli kuchlarini mintaqadan olib chiqish majburiyatini oldi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel vositachiligida ham muzokaralar o‘tkazib kelmoqda. Tinchlik bitimi imzolashga qaratilgan uchrashuvlarning so‘nggisi joriy yil 31 avgust kuni Belgiya poytaxti Bryusselda bo‘lib o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring