Putin: Trampning hayoti xavf ostida
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning xavfsizligidan xavotirda ekanini bildirdi.
«Trampga nisbatan madaniy kurash usullaridan butkul yiroq vositalar qo‘llandi, bir necha bor qotillikka urinish ham kuzatildi. Darvoqe, nazarimda, u hozir xavf ostida», – degan Putin Qozog‘istonda jurnalistlar bilan uchrashuvda.
AQSh tarixida «turli hodisalar» ro‘y berganini aytgan Rossiya rahbari Tramp aqlli ekani, u ayni choqda, ehtiyotkorlikni qo‘ldan boy bermasligiga umid qilishini aytgan.
Putin Trampga nisbatan asossiz ayblov va kamsitishlar sodir etilgani, oila a’zolari, bolalariga nisbatan ham hujumlar bo‘lganini tanqid qilgan.
Saylovoldi kampaniya davrida Trampga qarshi bir marta suiqasd, ikki marta suiqasdga urinish ro‘y berdi.
Joriy yil 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi uchrashuv payti prezidentlikka nomzod Trampga qarshi ilk suiqasd uyushtirilgandi. O‘shanda 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ismli shaxs tomonidan otilgan o‘q Trampning o‘ng qulog‘ini yalab o‘tgan. Siyosatchi yengil jarohat olgan, mergan esa otib o‘ldirilgan.
15 sentyabr kuni qurollangan Rayan Uesli Rout ismli shaxs navbatdagi suiqasd uyushtirishga urinishda ayblanib, qo‘lga olingandi.
Oktyabr oyida esa uchinchi suiqasdning oldi olingani xabar qilindi.
Garchi Rossiya va AQSh hozirda turli qutblarni egallab turgan bo‘lsa-da, Tramp va Putin munosabati iliq ekani taxmin qilinadi.
Tramp joriy yil iyun oyida bergan intervyusida prezidentlik davrida Rossiya rahbari bilan munosabatlari «juda yaxshi» bo‘lganini ta’kidlagan edi. «Menga zaiflarga qaraganda kuchlilar bilan til topishish osonroq» deya, u Putinni «kuchli» deb sifatlagandi.
Putin ham joriy yil fevral oyida amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida Tramp bilan munosabatlarini «do‘stona va yaxshi» deb baholagan.
Avval xabar berganimizdek, AQSh moliya va adliya vazirliklari joriy yil sentyabr oyida Rossiyaning bir qator davlat OAV va ularning yuqori martabali vakillariga nisbatan sanksiya joriy qildi. Vashington Moskvani o‘z media loyihalari orqali AQShdagi prezidentlik sayloviga ta’sir ko‘rsatishga urinishda ayblagan.
Qo‘shma Shtatlar rasmiylariga ko‘ra, Kreml joriy yil 5 noyabrdagi prezident saylovida Ukrainaga moliyaviy ko‘makni to‘xtatish tarafdori bo‘lgan Tramp g‘alaba qozonishini istagan. Dezinformatsiya kampaniyasi ham shu maqsadga yo‘naltirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter