Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prigojinning samolyotini yo‘q qilishga kim buyruq bergani aytildi

Prigojinning samolyotini yo‘q qilishga kim buyruq bergani aytildi

23 avgust kuni «Vagner» xususiy harbiy shirkati asoschisi Yevgeniy Prigojinga qarashli xususiy uchoq Tver viloyatida halokatga uchradi.

«Rosaviatsiya» federal agentligi uchoqda Prigojin, uning «o‘ng qo‘li» Dmitriy Utkin va yana sakkiz kishi bo‘lganini tasdiqladi.

Aviahalokat payti uchoqdagi barcha yo‘lovchilar, jumladan, Prigojin ham halok bo‘lgani xabar qilingan.

Ayni paytda dunyo matbuotida uchoq havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani yoki bortda terakt sodir etilgani ehtimoli keng muhokama qilmoqda.

Prigojin roppa-rosa ikki oy avval, 23 iyun kuni harbiy g‘alayon ko‘tarib, Moskvaga yurish uyushtirgani va poytaxtga 200 km qolganida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko vositachiligidagi muzokaradan keyin ortga chekingani ma’lum.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Prigojinni yo‘q qilish amaliyotiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin shaxsan buyruq bergan deb taxmin qiladi.

«Moskvaga yurishdan roppa-rosa ikki oy o‘tib, Prigojin samolyotlari bilan yo‘q qilindi. Balki, Prigojin «mening yonimda yana 9-10 ta boshqa begunoh va muhim odamlar bor-ku... Teginishmas?!» deb o‘ylagandir. Yo‘q, aslida stavkani Prigojinni o‘zi ko‘targandi. Rasmiy xabarlarda «baxtsiz xodisa» deyishlari aniq. Boshqa nima ham derdi? Lekin shaxsan Putinning topshirig‘i yoki buyrug‘i bilan amalga oshirilgan amaliyot. Ikki oy oldin taxmin qilganimdek, Prigojin yo‘q qilindi. Uning uzoq yashashini tasavvur qila olmagandim», – deb yozdi ekspert.

Siyosatshunosga ko‘ra, Prigojinni yo‘qotishning usullari ko‘p edi, lekin tashkilotchilar eng namoyishkorona yo‘lni tanladi.

«Prigojinni demonstrativ o‘ldirishdan maqsad – qolganlarni qo‘rqitib qo‘yish edi. Va bunga erishildi. E’tiborlisi, Putin Prigojin bilan kelishuvga borib, uni tinchlantirdi va extiyotkorligini pasaytirdi. Imkon bo‘lishi bilan yo‘q qildi», – deydi K.Rabbimov.

O‘z davrida Putinga spichrayterlik qilgan siyosatshunos Abbas Gallyamov ham shunday fikrda. Unga ko‘ra, Prigojinning o‘ldirilishi orqali siyosiy elitaga Putinga qarshi chiqishning oqibati qanchalar yomonligi, Kreml xo‘jayini hali ham kuchli va qasoskor ekani namoyish etildi.

«Aftidan, yangi isyon yoki fitna tahdidi yetilib kelayotgan edi. Shunga ko‘ra Putin uning oldini olish uchun shunday jiddiy qadam tashladi», – deb yozdi A. Gallyamov.

Prigojinning samolyoti halokatga uchraganiga munosabat bildirgan AQSh prezidenti Jo Bayden ham hodisalar ortida Putin turgani bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

«Ochig‘i, bundan hayron bo‘lmadim. Rossiyada ortida Putin turmagan hodisalar kamdan-kam ro‘y beradi. Lekin bu borada aniq javob aytishga hali yetarli ma’lumotim yo‘q», – degan J.Bayden. 

Ukraina bosqini atrofidagi hodisalarni faol yoritib kelayotgan Urushni o‘rganish instituti (ISW) ham Prigojinning samolyotini urib tushirishga Putin buyruq bergani bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

«Rossiya armiyasi vakillari, xususan, mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i, armiya genarali Valeriy Gerasimov Prigojin ustidan o‘zicha hukm chiqarishini tasavvur qilish mushkul», – deb yozdi Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari.

Ta’kidlanishicha, g‘alayon ko‘tarishga jur’at qilgan Prigojin Putinning marhamati bilangina tirik ekaniga Rossiya elitasining ishonchi komil bo‘lgan.

Prigojin parvoz qilayotgan samolyot qay sababga ko‘ra halokatga uchragani borasida Rossiya rasmiy idoralari yakuniy xulosa e’lon qilganicha yo‘q. Holatni maxsus komissiya o‘rganadi.

Harbiy isyon ortidan «Vagner» xo‘jayiniga o‘lim hukmi o‘qilgani haqidagi faraz avvalroq o‘rtaga chiqqan edi.

Joriy yil 30 iyun kuni Ukraina mudofaa vazirligi Razvedka boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Kirill Budanov Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Prigojinni yo‘q qilish haqida buyruq olgani, buyruq qachon ijro etilishi  «vaqt masalasi» ekanini ma’lum qilgan edi.

Iyul oyida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Uilyam Byorns Putinning qasos olishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlab, Prigojin zaharlab o‘ldirilishi mumkinligiga ishora qilgan edi.

Rossiyalik taniqli jurnalist Aleksey Venediktov esa isyondan keyinoq Prigojinning taqdiri qanday yakunlanishini bashorat qilgan edi.

«Putin Prigojinning xiyonatini unutishi va kechirishiga aslo ishonmayman. Prigojin qayerda bo‘lishidan qat’i nazar! Choyni ham ehtiyot bo‘lib ichgani ma’qul», – deb yozgan edi u.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring