Prigojinga o‘lim hukmi o‘qildi – Ukraina razvedkasi
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) «Vagner» harbiy xususiy shirkati rahbari Yevgeniy Prigojinni yo‘q qilish haqida buyruq oldi. Bu haqda Ukraina mudofaa vazirligi Razvedka boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Kirill Budanov OAVga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Jurnalistlarning prezident Vladimir Putin harbiy isyon uyushtirgan Prigojinni qanday jazolashi xususidagi savoliga javob qaytargan Budanov bu borada topshiriq allaqachon berilganini qayd etgan.
«FXXga uni o‘ldirish haqida buyruq berilganidan xabardormiz. Ular bu vazifani uddalay oladimi? Barini vaqt ko‘rsatadi. Har qanday vaziyatda ham bunday suiqasdlar tez amalga oshirilmasligi aniq. Ularga (FXX xodimlariga – tahr.) to‘g‘ri usullarni ishlab chiqish va keng ko‘lamli amaliyotga tayyorgarlik uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi», – degan Ukraina mudofaa vazirligi Razvedka boshqarmasi boshlig‘i.
Avval xabar berganimizdek, Putinning xos odamlaridan biri sanalgan Yevgeniy Prigojin 23 iyun kuni mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni topshirishni talab qilgan holda harbiy isyon boshladi.
FXX Prigojinga qarshi harbiy qo‘zg‘olon uchun jinoiy ish ochdi. Putin «Vagner» shirkati rahbarining harakatini «orqadan pichoq urish» va «xiyonat» deb atadi.
Pirovardida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko vositachiligida isyonchilar bilan sulhga erishilgani xabar qilindi.
«Vagner» bo‘linmalari o‘z lagerlariga qaytishi, Prigojin esa Belarusga ketishi haqida kelishuvga erishilgan.
G‘arblik tahlilchilar harbiy isyon Putin hokimiyatining zaifligini ko‘rsatdi deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra ayrim ekspertlar Putin Prigojinni tirik qoldirmasligi haqida gapirmoqda. Jumladan, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq rahbari Devid Petreus Prigojin hozircha hayotini saqlab qolgan bo‘lsa-da, unga suiqasd uyushtirilishi muqarrarligi haqida gapirgan.
«U yangi qo‘nimgohi – Belarusda ochiq derazalar oldida juda ehtiyot bo‘lmog‘i lozim», – deb maslahat bergan general Petreus.
Rossiyalik taniqli jurnalist Aleksey Venediktov ham shunday fikrda.
«Putin Prigojinning xiyonatini unutishi va kechirishiga aslo ishonmayman. Prigojin qayerda bo‘lishidan qat’i nazar! Choyni ham ehtiyot bo‘lib ichgani ma’qul», – deb yozgan u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter