Prezident To‘qayev muhim masalaga oydinlik kiritdi
Qozog‘istondagi notinchlik payti mamlakatga kiritilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar kontigentini olib chiqish jarayoni ikki kundan keyin boshlanadi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlamentning 11 yanvar kungi yalpi majlisida ma’lum qildi.
«Umuman olganda aksilterror amaliyotlarining tig‘iz bosqichi ortda qoldi. Barcha mintaqalarda vaziyat barqaror. Shu munosabat bilan KXShT tinchlikparvar kuchlarining missiyasi muvaffaqiyatli yakunlanganin e’lon qilaman. Ikki kundan keyin KXShT birlashgan tinchlikparvar kontingentini bosqichma-bosqich olib chiqish boshlanadi. Qo‘shinni olib chiqish jarayoni 10 kundan oshmaydi», – dedi Qozog‘iston yetakchisi.
Q.To‘qayev mamlakatni ostin-ustun qilgan qo‘poruvchi kuchlar ortida kim turganini aniqlash muhim ekanini ham ta’kidladi.
«Terrorchilik xurujlari ortida kim turganiga oydinlik kiritish o‘ta zarur. Boshqa bir muhim jihatga ham e’tibor qaratmoqchiman: davlat nega uyqudagi jangarilar to‘dasi hamda ularning qo‘mondonlik punktlari faoliyatidan g‘aflatda qoldi? Mamlakatimiz hududida nega buncha ko‘p miqdorda noqonuniy qurol-aslaha va maxsus vositalar paydo bo‘ldi?» – deya mutasaddilarni savolga tutdi u.
Maxsus tergov-tezkor guruhi bu borada barcha tafsilotlarni aniqlashi lozim.
Q.To‘qayev mushkul pallada jasorat ko‘rsatgan mudofaa vazirligi hamda davlat chegaralarini qo‘riqlash xizmati harbiy xizmatchilariga minnatdorlik bildirgan. Ayni choqda, hududlardagi xavfsizlik idoralari rahbariyati qurol-aslaha va maxfiy hujjatlarni taqdir hukmiga havola etgancha o‘z xizmat joyini jangsiz tark etganini keskin tanqid qilgan.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston harbiy, siyosiy, mafkuraviy va axboriy maydonda jang qilishga majbur bo‘ldi.
Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar qo‘shinining kiritilishi suverenitetga tahdid deb ham baholandi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi 9 yanvar kuni bergan bayonotida bu nuqtai nazarni rad etdi.
Ma’lum qilinishicha, yuzaga kelgan murakkab vaziyat tufayli Qozog‘iston KXShTga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Tashkilot tomonidan yuborilgan 2500 kishilik tinchlikparvar qo‘shin strategik ob’yektlarni qo‘riqlash hamda mahalliy kuchlarga ko‘makda qatnashmoqda.
«Terrorchi guruhlarga qarshi jangovar harakatlar Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari hamda Qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilmoqda. KXShT tinchlikparvar qo‘shini Qozog‘istonda vaqtincha bo‘lib turibdi va vaziyat barqarorlashib, Qozog‘iston tomoni murojaat qilgan zahoti mamlakatni tark etadi», – deya bayonot bergan tashqi siyosat mahkamasi.
C.Calim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter