Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Putin Zaxarovaning zaharxanda posti sabab uzr so‘rashga majbur bo‘ldi

Prezident Putin Zaxarovaning zaharxanda posti sabab uzr so‘rashga majbur bo‘ldi

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Serbiya rahbari Aleksandr Vuchichdan kechirim so‘radi.  Bu haqda Serbiya prezidenti milliy televideniye efirida ma’lum qilgan. Bunga esa Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning kinoyali posti sabab bo‘lgan.

«Prezident Putin ham, (tashqi ishlar vaziri) Sergey Lavrov ham mendan biror marta uzr so‘ramagan. (Zaxarovaning posti) sabab har ikkisi shunday qildi. Ayni choqda, tarbiyali inson sifatida o‘tgan ishni eslatib o‘tirmadim», – degan Aleksandr Vuchich.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Putinning uzrxohlik qilganini tasdiqlagan.

Hammasi Rossiya TIV rasmiy vakili M.Zaxarovaning postidan boshlandi. Gap shundaki, Serbiya prezidenti o‘tgan hafta Vashington shahrida prezident Donald Tramp vositachiligida Kosovo yetakchisi bilan muzokaralar olib bordi. Serb ommaviy axborot vositalari prezident Vuchichning Oq uyda D.Tramp qarshisida o‘tirgan suratini e’lon qildi. Rossiya TIV rasmiy vakili M.Zaxarova Feysbukdagi sahifasida Serbiya prezidentining ushbu suratini «Asosiy instinkt» filmidagi bepardaroq sahna bilan muqoyasa etgan holda post qoldirdi.

Rossiya TIV voizining posti rasmiy Belgradning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Prezident Vuchichning o‘zi mazkur postni bema’ni va primitiv deb atadi. Serb siyosatchilarning keskin bayonotlari ortidan M.Zaxarova post noto‘g‘ri talqin etilganini bildirib uzr so‘radi.

Moskva va Belgrad o‘rtasidagi diplomatik tanglik ikki prezidentning muloqot orqali yechildi. Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu mojarodan keyin prezidentlar Putin hamda Vuchich telefon orqali muloqot qilgan.

Rossiya TIV rasmiy vakili M.Zaxarova joriy yil may oyida O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan munozarali bayonoti bilan jamoatchilikda kuchli e’tiroz uyg‘otgan edi.

Joriy yil iyun oyida esa voiz xonim Ruminiya siyosatdonlarida mustaqil fikr yo‘qligini iddao qilishi ortidan yana bir diplomatik mojaroga sabab bo‘lgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring