Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Bayden H.R. 6256 raqamli qonunga imzo chekdi

Prezident Bayden H.R. 6256 raqamli qonunga imzo chekdi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasidan importni taqiqlash haqidagi qonunni imzoladi, deb xabar berdi Oq uy matbuot xizmati.

H.R. 6256 raqamli qonunda mazkur mintaqa aholisini majburiy mehnatga jalb qilganlarga nisbatan jazo choralari qo‘llash ham ko‘zda tutilgan. Gap shundaki, AQSh Xitoyni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmon aholi haq-huquqlarini qo‘pol ravishda buzishda ayblamoqda. Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda.

Qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan. Hisobotda lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani xabar qilingan.

Davlat departamenti joriy yil yanvar oyida Xitoyning Shinjondagi siyosatini genotsid deb atagandi.

2020 yil iyun oyida AQSh prezidenti Donald Tramp uyg‘ur va boshqa musulmon ozchilik huquqlarini buzgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiya joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagan. Ushbu qonunga ko‘ra, Xitoy hududida yashovchi uyg‘urlar hamda boshqa musulmon elatlar huquqlarini buzishga aloqador bo‘lgan tashkilot va shaxslarning mablag‘lari muzlatiladi, ularning Qo‘shma Shtatlar hududiga kirishi cheklanadi.

O‘tgan yili Avstraliya strategik siyosat instituti (The Australian Strategic Policy Institute) ham Xitoy hukumatining bosimi ostida o‘n minglab uyg‘ur hamda boshqa elatlarga mansub musulmonlar qullik sharoitida mehnat qilayotgani haqida hisobot e’lon qilgan edi.

Joriy yil iyun oyida esa Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Xitoy nazoratidagi Shinjon uyg‘ur-muxtor o‘lkasida yashovchi millatlar qatag‘on qurboni bo‘layotgani xususida hisobot e’lon qildi. 160 sahifali hisobotda «qayta tayyorlash lagerlari» deb atalgan yuzlab tutqungohlarda uyg‘ur, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik kabi oz sonli millat vakillariga nisbatan zulm va zo‘ravonlik siyosati yuritilayotgani bayon qilingan.

Qayd etilishicha, «terrorizmga qarshi kurash» deya niqoblanayotgan kampaniyadan ko‘zlangan maqsad mazkur millatlarning diniy e’tiqodi, milliy qadriyatlari va tilini yo‘q qilishdan iboratdir.

Jahon hamjamiyati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmonlar xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda tutqunlikda saqlanayotgani borasida xavotir bildirib kelmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mazkur holatni qoralagan.

Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Qayd etilishicha, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati yanglish talqin qilinmoqda.

Rasmiy Pekin AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan H.R. 6256 raqamli qonun imzolanishini ham keskin qoraladi. Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Vashingtonni Shinjondagi vaziyatni qasddan qora bo‘yoqda tasvirlash, mamlakatning ichki ishlariga aralashuvda aybladi.

«Shinjondagi «majburiy mehnat», «genotsid» haqidagi ayblovlar aksilxitoy kuchlari tomonidan o‘ylab topilgan g‘arazli yolg‘ondan boshqa narsa emas. Shinjondagi taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlik butun dunyoda tan olingan. Barcha etnik guruh baxtli va farovon hayot kechirayotgani fakti ham umume’tirof etilgandir», deyiladi Xitoy TIV bayonotida.

C.Calim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring