Portugaliyaning 71 yoshli prezidenti cho‘kayotgan qizlarni qutqardi (foto)
Portugaliya prezidenti Marselu Rebelu de Souza plyajda dam olayotgan vaqtda cho‘kayotgan qizlarni qutqarishga yordam beradi. Bu haqda «20minutos» portali ma’lum qilgan.
Davlat rahbari ikki kunlik ta’tilni Aglarve sohillarida o‘tkazdi. 15-avgust kuni u kanoedan yiqilib muammoga duch kelgan ikki nafar qizni ko‘rib qoldi. 71 yoshli de Souza shu zahoti suvga sho‘ng‘idi va gidrotsiklda boshqa odam voqea joyiga yetib kelgunga qadar ularga yordamlashib turdi.
«Qizlar boshqa plyajdan suzib kelishgan: kuchli oqim ularni bu tomonlarga oqizib kelgan. Ular ag‘darilib tushgach, ko‘p suv yutib qo‘yishdi. Na kanoeni joyiga ag‘dara olishdi, na ustiga chiqa olishdi, na suza olishdi — oqim shu darajada kuchli edi», — dedi prezident. U yordamga yetib kelgan yagona odam emasligidan xursandligini yashirmadi.
Portalning ta’kidlashicha, de Souza ta’tilining ko‘p qismini mamlakatning turli joylariga tashrif qilish bilan o‘tkazdi. Koronavirus tufayli zarar ko‘rgan turizmni rivojlantirish uchun shunday qilgan.
Portugaliyada prezident lavozimi aslida tantanavor xususiyatga ega. U ijro etuvchi hokimiyatga ega emas, biroq inqiroz davrida parlamentni tarqatib yuborishi mumkin. Davlat rahbari besh yil muddatga saylanadi. U bu lavozimni ko‘pi bilan ikki muddatga egallashi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter