Polsha Ukrainaga qiruvchi uchoqlar berishga tayyor
Polsha prezidenti Anjey Duda CNN telekanaliga bergan intervyusida Varshava Kiyevga MiG-29 qiruvchi uchoqlarini taqdim etishini ma’lum qildi.
«Polsha havo kuchlari tasarrufida bo‘lgan va soz holatdagi MiG-29 samolyotlarini (Ukrainaga) berishga tayyormiz», – dedi prezident A.Duda.
Unga ko‘ra, Ukraina MiG-29 uchoqlaridan bemalol foydalana oladi, chunki mamlakatda ushbu rusumdagi samolyotlarni boshqarish tajribasiga ega uchuvchilar mavjud.
Polsha yetakchisi Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan qo‘shni mamlakatga kelajakda F-16 uchoqlarini topshirish zaruratiga ham urg‘u bergan.
Avvalroq Slovakiya mudofaa vaziri Yaroslav Nad ham Ukrainaga sovet davridan meros 11 dona MiG-29 uchoqlarini berish istagini bildirgan edi.
Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy esa uning mamlakati Ukrainaga F-16 uchoqlarini NATO bilan kelishuvdan keyingina topshira olishi haqida bayonot bergan.
Ayni paytda Ukraina rahbariyati G‘arb mamlakatlaridan jangovar qiruvchi samolyotlar so‘ramoqda.
Avvalroq AQShning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Hojes G‘arb Ukrainaga qiruvchi uchoqlarni tez fursatda taqdim etsa, joriy yildayoq Kiyevning qo‘li baland kelishi, hatto Donbass va Qrimni ham qaytarib olishini ta’kidlagan edi.
G‘arblik ba’zi siyosatdonlar Ukrainaga qiruvchi uchoqlar berilishi «qizil chiziq» ekani, ya’ni bu Moskva bilan NATOning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga borishini anglatishini aytmoqda. Ammo Ben Hojes bu nuqtai nazarga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, Kiyevga qiruvchi uchoqlar berilishi HIMARS raketa majmuasi yoki Panzerhaubitze 2000 artilleriya aslahasini taqdim etishdan farq qilmaydi. Sobiq qo‘mondon yagona «qizil chiziq» sifatida AQSh va uning ittifoqchilari Rossiya bilan muhoraba maydoniga askar yuborishi ekanini uqtiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter