Polsha prezidenti Angela Merkel bilan uchrashishdan bosh tortdi
Germaniya kansleri Angela Merkelning Polsha poytaxti Varshavaga hukumat rahbari sifatidagi so‘nggi safari diplomatik mojaro bilan yodda qoldi.
Polsha prezidenti Anjey Duda Merkel bilan avvaldan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi. Bu hol olmon matbuoti tomonidan Merkelga nisbatan haqorat deb baholandi.
Merkel xayrlashuv safari davomida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar rahbarlari bilan yuzma-yuz uchrashdi. Ammo YeI a’zosi bo‘lgan Polsha prezidentining kansler xonim bilan uchrashuvga vaqt topa olmagani turlicha baholanmoqda.
Xabarlarga qaraganda, prezident Duda Berlindagi siyosiy maslahatlashuvga taklif etilmagani uchun shu tarzda o‘ch oldi. Boshqa bir taxminga ko‘ra, Polsha rahbari Germaniya hamda Rossiya hamkorligida amalga tatbiq etilayotgan «Shimoliy oqim – 2» gaz quvuri loyihasiga o‘z noroziligini bildirgan. Rossiya gazini Germaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazishga qaratilgan mazkur loyiha rasmiy Varshavaning e’tiroziga sabab bo‘lib kelmoqda. Loyihaning ro‘yobga chiqishida aynan Angela Merkel jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Polsha matbuoti esa diplomatik mojaroda rasmiy Berlinni ayblamoqda. Kansler devonxonasi uchrashuv sanasini avvaldan belgilab, keyin bu haqda Polsha prezidenti ma’muriyatiga ma’lum qilgan. Ya’ni Berlin Varshavadan kansler belgilagan kun tartibiga rioya qilishni talab etgan. Bu esa A.Dudaning nafsoniyatiga tekkan bo‘lishi mumkin.
Polsha rasmiy idoralari bu holatni prezidentning kun tartibi tig‘iz ekani bilan izohlagan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Polsha hamda Germaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar shiddat bilan rivojlanayotgan bo‘lsa-da, siyosiy jabhada kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Varshavada hatto YeIdan chiqish haqida takliflar yangramoqda.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil avgust oyida Angela Merkelning Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvida kutilmagan holat yuz bergan, kanslerning qo‘l telefoni jiringlab qolgan edi. Bundan jahli chiqqan Merkel telefonini cho‘ntagidan olib rad etish tugmasini bosgandi.
O‘tgan yil mart oyida esa Germaniya ichki ishlar vaziri Horst Zeyehofer o‘z rahbari – kansler Angela Merkel bilan qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortgan va bu hodisa ham muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2005 yildan buyon Germaniya hukumatiga rahbarlik qilib kelayotgan Merkel joriy yil sentyabr oyi yakunida o‘tadigan saylovda qatnashmaydi. U Xristian-demokratlar ittifoqiga Armin Lashet rais bo‘lishi va aynan uni yangi kansler sifatida ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter