Pokiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kobulga keldi
Pokiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Hina Rabboniy 29-noyabr, seshanba kuni yuqori martabali hukumat delegatsiyasi boshchiligida Tolibon rasmiylari bilan muloqot qilish uchun Kobulga keldi.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha, ushbu safardan maqsad ta’lim, savdo va sarmoya, mintaqaviy aloqa, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikdir.
OAVning Pokiston diplomatik manbalariga tayangan holda xabar berishicha, Rabboniy xonimga bu safarda Pokiston vazirlar mahkamasining qator vazirlari, jumladan, moliya vaziri va Pokistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Muhammad Sodiq ham hamrohlik qiladi.
Manbalarga ko‘ra, Hana Rabboniy Tolibon bosh vaziri Muhammad Hasan Oxund va bu guruh tashqi ishlar vaziri Amir Xon Motagi bilan uchrashib, suhbatlashadi.
Bu Pokiston hukumatidan yuqori martabali ayol amaldorning Tolibon guruhi yetakchilari bilan uchrashish uchun Afg‘onistonga birinchi tashrifidir. Hana Rabboniyning Tolibon yetakchilari bilan afg‘on ayollari huquqlari va Afg‘onistonda qizlar o‘rta maktablarini qayta ochish borasida gaplashishi hozircha aniq emas.
Pokiston Tolibon bilan yaqin munosabatlarga ega va Afg‘onistonning Islomoboddagi elchixonasi boshqaruvini Tolibonga ishonib topshirgan bo‘lsa-da, shu paytgacha bu guruh hukumatini tan olmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter