Dunyodagi «eng xavfli» mamlakat — Pentagonning sobiq rahbaridan izoh
AQSh sobiq mudofaa vaziri Jeyms Mettis Pokistonni dunyodagi «eng xavfli» mamlakat deb hisoblaydi. Mettis o‘z qarashlarini kecha, 3 sentyabr kuni sotuvga chiqqan «Call Sign Chaos: Learning to Lead» kitobida bayon etgan va izohlagan.
«Pokistonni jamiyatidagi radikallik va yadro quroli mavjudligi uchun o‘zim ishlagan mamlakatlar orasida eng xavflisi deb bilaman», — «Hindustan Times» kitobdan ana shu parchani keltirgan.
Mettisning yozishicha, dunyoda eng tez o‘sayotgan yadro arsenalining ushbu mamlakatda ko‘payib borayotgan terrorchilar qo‘liga tushib qolishiga aslo yo‘l qo‘ymaslik kerak — oqibati halokatli bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: dengiz piyodalari korpusining «Quturgan it» laqabi bilan mashhur iste’fodagi generali Jeyms Mettisni AQSh prezidenti Donald Tramp 2017-yil yanvarida mudofaa vaziri etib tayinlagandi. Ammo Oq uy rahbari bilan chiqisholmagan Mettis 2019-yilning 1-yanvar kuni bu yerdan ham iste’foga chiqib ketgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter