Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parlament rahbari prezident murojaatnomasini namoyishkorona yirtib tashladi

Parlament rahbari prezident murojaatnomasini namoyishkorona yirtib tashladi

Prezident Trampning murosasiz muxolifi Nensi Pelosi.

Foto: «Reuters»

AQSh prezidenti Donald Trampning mamlakat parlamenti – Kongress qo‘sh palatalariga yillik murojaatnomasi o‘ziga xos mojarolar bilan kechdi. 

An’anaga ko‘ra, Kongressning quyi palatasi spikeri davlat rahbariga so‘z berar ekan, «zo‘r mamnuniyat ila Qo‘shma Shtatlar prezidentini minbarga chorlayman» qabilida lutf-mulozamat ko‘rsatadi. Ammo prezident Tramp bilan ko‘pdan buyon dahanaki tortishib kelayotgan Vakillari palatasi spikeri, demokratlar yetakchisi Nensi Pelosi quruqqina qilib «AQSh prezident Donald Tramp» deya e’lon qildi va nutq irod qilishga shay turgan Oq uy yetakchisiga qo‘lini uzatdi. Ammo prezident Tramp  Nensi Pelosining qo‘lini siqib qo‘yishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Parlament rahbarining qo‘li havoda mualllaq qoldi. Albatta, jamoatchilik Nensi xonim prezidentning bu «gustohligi»ni javobsiz qoldirmasligini sezib turar edi. Vakillari palatasi spikeri prezidentning «salom»iga «alik»ni uning ma’ruzasi so‘nggida berdi...

AQSh rahbari bir yarim soat davomida so‘nggi uch yil ichida erishilgan olamshumul iqtisodiy yutuqlar haqida to‘lqinlanib gapirdi. 

Trampga ko‘ra, prezident Barak Obama davrida ishsizlik va jinoyatchilik avj olgan, mamlakatga noqonuniy muhojirlar yopirilib kelgan edi. Tramp davrida esa 7 milllion yangi ish o‘rni yaratildi, 12 ming yangi korxona ochildi.

Prezidentning murojaati mobaynida partiyadoshlari – respublikachilar davomli qarsaklar bilan uni dastaklab turishdi. Demokratlar jimgina o‘tirishdi. Pelosi xonim esa prezidentning baland pafosdagi gaplarini boshini sarak-sarak qilgancha, kinoyali tabassum bilan kuzatdi.   

Odatda, parlamentga murojaatnomaning ikkinchi qismi AQSh tashqi siyosatiga bag‘ishlanar edi. Ammo bu gal Donald Tramp terrorizmga qarshi kurash, xususan, «Islom davlati» rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy hamda eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilganinigina eslab o‘tdi. 

Oq uy yetakchisi o‘z nutqi mobaynida yana ko‘plab va’dalar berdi, ora-orada muxolif demokratlar «tomorqasi tosh otish»ni ham unutmadi. 

D.Tramp «quyosh hamon porlayotir, barchamizni ilohiy nur chulg‘agan» kabi shoirona so‘zlar bilan chiqishini yakunlagach, respublikachilar tik turgan holda uni olqishlashdi. Ayni o‘sha lahzalarda Nensi Pelosi shart o‘rnidan turdiyu prezident murojaatnomasi nusxasini namoyishkorona yirtib tashladi...

Eslatib o‘tamiz, Vakillari palatasi rahbari ko‘pdan buyon prezidentni turli masalalarda tanqid qilib keladi. Ayni paytda davom etayotgan impichment – davlat rahbarini muddatdan oldin lavozimdan bo‘shatish tashabbuskori ham aynan Nensi Pelosidir.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring