O‘zbekiston Rossiyadan maymunchechakni aniqlovchi test tizimini keltiradi
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarning bosh sanitarlari Rospotrebnadzor (Iste’molchilar huquqlari va farovonligini himoya qilish federal xizmati) tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda, jumladan, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning bosh davlat sanitariya shifokorlari ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston davlatlarining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari ham ishtirok etish uchun taklif etilgan.
Uchrashuvda maymunchechak kasalligi bo‘yicha JSST e’lon qilgan favqulodda holat bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi. Kengash a’zolarining fikricha, YeOIIga a’zo davlatlar, shuningdek, Tojikiston va O‘zbekistonda maymunchechakning tarqalish xavfi past.
Ishtirokchilar epidemiyaga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qilib, Yevroosiyo mintaqasining barcha mamlakatlari chegarada sanitariya va karantin nazorati choralarini kuchaytirganini ta’kidlashdi.
Rospotrebnadzor axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda davlatlar vakillari Rossiya tomoniga Rospotrebnadzorning «Vektor» Virusologiya va biokimyo ilmiy-tadqiqot markazi federal budjet muassasasi tomonidan ishlab chiqarilgan maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarini taqdim etish iltimosi bilan murojaat qilishgan.
«Test tizimlarining dastlabki to‘plamlari shu hafta O‘zbekistonga yetkaziladi», – deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter