Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston BMTning Rossiya borasidagi rezolyusiyasida yana betaraf qoldi

O‘zbekiston BMTning Rossiya borasidagi rezolyusiyasida yana betaraf qoldi

26-aprel kuni BMT Bosh Assambleyasi 122 ta ovoz va 5 ta qarshi ovoz bilan BMT va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi hamkorlikka oid rezolyusiyani qabul qildi.

Mazkur rezolyusiyaga qarshi ovoz bergan Rossiya va uning 4 ta «do‘st» davlatlari – Belarus, Nikaragua, Suriya va Shimoliy Koreya vakillari hujjatdan Ukrainaga qarshi tajovuzkorlikka doir eslatmani chiqarib tashlashga erisha olmadi.

«122 ta qo‘llab-quvvatlagan ovoz va 5 ta qarshi ovoz bilan BMT va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilindi. Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi tajovuz haqidagi eslatmani olib tashlashga urinishi Bosh Assambleyada muvaffaqiyatsizlikka uchradi», – deb yozadi Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa o‘zining Twitter sahifasida. 

U, shuningdek, ovoz berish natijalarini ko‘rsatuvchi tablodan suratni ham e’lon qilgan. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, bir qator davlatlar, jumladan, Angola, Botsvana, MAR, Kuba, Eritreya, Efiopiya, Gonduras, Eron, Iroq, Qirg‘iziston, Mavrikiy, Nauru, Senegal, JAR, Sudan, Tojikiston, Togo va O‘zbekiston betaraf qolgan.

Rezolyusiya Rossiyaning ittifoqchilari sifatida qarab kelingan BRIKS a’zolari – Xitoy, Hindiston va Braziliya, MDH mamlakatlaridan – Qozog‘iston va Armaniston, shuningdek, Vengriya va Turkiya hamda qator arab davlatlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining «Ukrainada keng qamrovli, adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatish tamoyillari» to‘g‘risidagi rezolyusiyasida ham O‘zbekiston o‘z betarafligini bildirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring