Ozarbayjon Ukrainani tiklashga 10 million dollar ko‘mak ajratadi

Ozarbayjon Ukrainani tiklash uchun 10 million dollardan kam bo‘lmagan ko‘mak ajratadi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Londonda o‘tkazilgan Ukraina tiklash bo‘yicha anjumanda ma’lum qilgan.
«Ozarbayjon Ukrainadagi hozirgi inqiroz jiddiy gumanitar fojiaga doyalik qilib, Yevropa tinchligi va xavfsizligiga tahdid solayotganidan chuqur taassufda. Ozarbayjon (nizo) Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi tamoyili asosida tez muddatda hal etilishi tarafdoridir. Inqiroz keltirgan og‘ir gumanitar oqibatlar aholining uqubatlarini yengillatish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni talab etadi», – dedi Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri.
Qayd etilishicha, Rossiya bosqini boshlangandan buyon Ozarbayjon Ukrainaga 20 million dollardan ziyod hajmda gumanitar ko‘mak yo‘llagan. Masalan, 2022 yil dekabr oyida Boku Kiyev so‘roviga asosan oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy va energiya uskunalaridan iborat 52,2 tonna yordam yuborgan.
Bundan tashqari, bombardimonda vayron etilgan Irpendagi 12-maktab Ozarbayjon ko‘magida qayta tiklangan.
«Ozarbayjon Ukrainani tiklash va rekonstruksiya qilishga, xususan, elektr uskunalar yuborish va Irpen shahrida rekonstruksiya loyihalari amalga oshirish orqali hissa qo‘shishda davom etadi. Ushbu ko‘makning umumiy miqdori kamida 10 million dollarni tashkil qiladi», – deydi J.Bayramov.
Urush va harbiy harakatlar og‘rig‘ini o‘z tanasida qilgan Ozarbayjon ayni paytda ishg‘oldan ozod qilingan Qorabog‘da tiklash ishlarini olib bormoqda. Bu jarayonda yer ostiga ko‘milgan sanoqsiz minalar jiddiy muammoga aylangan. Armaniston hozircha mina xaritalarini taqdim etganicha yo‘q. J.Bayramovga ko‘ra, mavjud qiyinchiliklarga qaramay, Ozarbayjon Ukrainaga yaqin muddatda hududlarni minadan tozalash mashinasini ham beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter