Ozarbayjon gumanitar yuk uchun Agdam - Xonkendi yo‘lini taklif etmoqda
O‘tgan hafta yakunida bir qator davlatlardan kelgan OAV vakillari Ozarbayjonda bo‘lishdi va Agdam – Xonkendi yo‘lida tashkil etilgan yangi nazorat o‘tish punkti bilan tanishdilar. O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi tashabbusi bilan o‘zbekistonlik bir qator jurnalistlar ham ushbu safarda ishtirok etdilar.
Ozarbayjon tomoni ushbu yo‘l orqali Xonkendiga gumanitar va boshqa yuklarni olib o‘tishni taklif qilmoqda. Ammo Armaniston tomoni ushbu taklifni qat’iyan rad etib, faqat Lochin koridori orqali yuklarni olib o‘tishni talab etmoqda.
– Bu talabda hech qanday mantiq yo‘q, – deya izoh berdi jurnalistlar bilan suhbatda Ozarbayjon Prezidentining Qorabog‘ iqtisodiy zonasidagi maxsus vakili Araz Imanov. – Aslini olganda Lochin koridori orqali o‘tgan yo‘l yuk tashish uchun Agdam yo‘liga nisbatan noqulay hisoblanadi. Masalan, Agdamdan Xonkendigacha masofa 20 kilometr bo‘lsa, Lochindan tog‘ yo‘llari orqali 45 kilometr yurish kerak bo‘ladi. Boz ustiga Lochin orqali o‘tgan yuk uchun biz bojxona va boshqa to‘lovlarni olishimiz kerak. Agdam orqali kelganda esa yuk har qanday to‘lovdan xoli bo‘ladi.
Mutasaddilar tomonidan ma’lum qilinishicha, Lochin koridori tinch aholi vakillari uchun ochiq bo‘lib, u yerdan Armanistonga bemalol o‘tib qaytish mumkin. Xorijlik mutaxassislar Lochinda joylashgan nazorat o‘tish maskani faoliyati bilan tanishishdi va bu yerdan tinch aholi bemalol o‘tib qaytayotganiga guvoh bo‘lishdi.
– Lochin yo‘li to‘liq bizning nazoratimiz ostida bo‘lib turibdi. Hozirda Armaniston tomonidan e’tirozlar bo‘lmoqdaki, ushbu yo‘ldan yuk olib o‘tish taqiqlangani tufayli gumanitar muammolar yuzaga kelayotgan ekan. Vaholanki Qorabog‘ va Armaniston o‘rtasidagi aloqa butkul uzib qo‘yilmagan, biz yuk olib o‘tish uchun Agdam yo‘lini taklif qilmoqdamiz. Ammo ayirmachilar bu yo‘ldan foydalanishni istashmayapti, chunki ularga Lochin yo‘li harbiy yuk olib o‘tish uchun kerak.
Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Agarda Qorabog‘dagi tinch aholiga biror yordam kerak bo‘lsa, biz bajonidil ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz. Masalan, oziq-ovqat va tibbiy mahsulotlar yetkazib beriladi. Ammo Lochin yo‘li orqali harbiy yuk olib o‘tishlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi, – dedi Ozarbayjon Respublikasi Xalqaro munosabatlar tahlili markazi hay’ati raisi Farid Shafiyev xorijlik jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda.
Farid Shafiyev tomonidan ta’kidlanishicha, ayni vaqtda Qorabog‘da 10 ming nafargacha qurollangan harbiylar bor bo‘lib, ular mintaqa tinchligi uchun katta xavf bo‘lib turibdi.
– Qorabog‘ hududi harbiylashgan bo‘lib, uni har qanday xavfdan xoli maskanga aylantirishimiz kerak. Ozarbayjon – Armaniston munosabatlarida to‘liq tinchlik o‘rnata olsak, butun Kavkaz uchun ijobiy natijaga erishgan bo‘lamiz. Bu holat butun mintaqaning rivojiga sabab bo‘lardi. Ishonamanki, tinchlik bo‘lsa barcha chegaralar albatta ochiladi, – dedi Farid Shafiyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter