Qirg‘iziston hukumatining niqobsiz fotosessiyasi ijtimoiy tarmoqlarda norozilik uyg‘otdi
«Qirg‘iz Respublikasi sobiq bosh vaziri Muhammedkaliy Abilgaziyev bilan hukumat uyidagi xayrlashuv marosimi (17-iyun)da niqobsiz fotosessiya tashkil etganimiz uchun barchadan kechirim so‘raymiz». Mamlakat hukumati matbuot kotibi Chingiz Esengulov «Facebook»dagi sahifasida shunday yozdi.
Hukumat a’zolarining niqobsiz, oraliq masofaga rioya qilinmagan fotosurati ijtimoiy tarmoqlarda tarqab, ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgandi.
Esengulov bu e’tirozlar o‘rinli ekanini, xatosiga iqrorligini aytib, shuni ham qo‘shimcha qildi:
«Biroq bitta surat, bitta tadbir hukumatning koronavirusga qarshi amalga oshirgan va oshirayotgan ishlariga soya tashlashini istamasdim. Bo‘lgan ishlarga shunchaki insoniy ko‘z bilan boqishni va har xil bo‘lmag‘ur fikrlar bildirishdan yiroq bo‘lishni so‘rardim».
Esengulov pandemiya davrida har bir xodim barcha sanitariya me’yorlariga rioya qilib ishlayotganini ta’kidladi. Hukumat binosiga kirishdan avval har bir kishining tana harorati o‘lchanib, shaxsiy himoya vositalari (niqob) borligi tekshiriladi, binoda qo‘lni dezinfeksiyalash uchun sanitayzerlar mavjud.
«Kechagi fotosessiya rejada yo‘q edi, bu qarorga favqulodda bir ovozdan kelindi, shunday daqiqalarni tarixga muhrlab qo‘ymasak ham bo‘lmasdi-da. Hammasi juda tez bo‘lib o‘tdi. Ammo bu mas’uliyatni zimmamizdan soqit qilishimizni anglatmaydi. Ish bor joyda kamchilik bo‘ladi», — dedi Esengulov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter