Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Netanyahu AQSh talabiga ham quloq solmoqchi emas

Netanyahu AQSh talabiga ham quloq solmoqchi emas

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo janubidagi Rafah shahriga qo‘shin kiritilishini ma’lum qildi. Xalqaro hamjamiyat esa Tel-Avivdan 1,5 million falastinlik jon saqlayotgan Rafah shahrida harbiy amaliyot o‘tkazmaslikni talab qilib kelmoqda.

«O‘tmishdagi kabi biz birdammiz. Kurashamiz va g‘alaba qozonamiz. Biz Rafahga kiramiz va to‘liq zafarga erishamiz», – deb yozdi Isroil bosh vaziri ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida.

Isroil armiyasi Rafah shahriga hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani jahon hamjamiyati tomonidan xavotir bilan qarshi olindi. BMT 1,5 million falastinlik boshpana tutgan shaharga hujum ommaviy qirg‘inga olib kelishidan ogohlantirgan.

Tahlilchilar G‘azoda davom etayotgan jadal harbiy harakatlar hamda bombardimonlardan jonini asrab uchush Rafahda jam bo‘lgan falastinliklar uchun boshqa qochadigan joy yo‘qligini aytmoqda. Ularga ko‘ra, agar Rafahga yahudiy armiyasi askarlari kirgudek bo‘lsa, tinch aholi vakillari orasida qurbonlar misli ko‘rilmagan darajada ortishi mumkin.

Isroilning bu rejasiga eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham qarshi chiqmoqda.

Netanyahuning Rafah hujumi muqarrar ekani haqidagi bayonoti Isroil mudofaa vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Qo‘shma Shtatlarga tashrifi paytiga to‘g‘ri kelmoqda.

«The Washington Post» nashri xabariga ko‘ra, rasmiy uchrashuvlarda ham AQSh rasmiylari Rafahga hujum borasidagi xavotirini bildirmoqda.

Xususan, vitse-prezident Kamala Harris Rafahga har qanday hujum «ulkan xato» bo‘lishidan ogohlantirgan.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 22 mart kuni Tel-Avivga tashrifi payti Isroilni aholi zich yashayotgan Rafahga hujum uyushtirmaslikka undagan.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron ham Netanyahu bilan telefon orqali muloqotda Rafahga hujum rejasiga butkul qarshi ekanini ta’kidlagan. Fransiya yetakchisi Rafahdagi aholini majburan boshqa joyga ko‘chirish harbiy jinoyat bo‘lishini ham eslatgan. 

Isroil armiyasi HAMASning hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon 2,3 million falastinlikdan 1,5 millioni bombardimonlardan qochib Rafah shahridan panoh topdi. TRT kanali tayyorlagan videolavhada Isroil armiyasi Rafahga bostirib kirgudek bo‘lsa, yuz minglab aholi qopqonda qolishi tasvirlangan.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda 32 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘ldi, 74 mingdan ziyodi jarohatlandi. Tinch aholi vakillari orasida qurbonlar oshib borayotgan va yuz minglab aholi ochlik domida qolayotgan bir paytda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish talabi kuchliroq yangramoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring