Nazarboyev Putin va Zelenskiyga Qozog‘istonda uchrashishni taklif qildi
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Rossiya rahbari Vladimir Putin va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyga o‘zaro muzokara o‘tkazish taklifi bilan chiqqani haqida aytib o‘tdi.
«Bu ikki davlat o‘rtasida ro‘y bergan vaziyat juda achinarli. Ular azaldan yaxshi munosabatda bo‘lishganini hisobga olgan holda, bo‘lib o‘tganlarni unitishi lozim» deya ta’kidlagan Qozog‘istonning birinchi rahbari.
Elboshining aytishicha, hozir muzokara o‘tkazishning ayni vaqti, u Zelenskiy bilan gaplashib uchrashuvga roziligini olgan. So‘ng bu haqda Putinga ma’lum qilgan.
Biroq Moskvadan rozilik to‘g‘risida hali biror xabar kelmagan.
«Menimcha, bu ikki davlat rahbarlarining alohida uchrashuvini tashkillashtirish kerak, muammolarni faqat shu orqali yechish mumkin. O‘zga davlatlar boshqa sabablar bilan aralashishi mumkin. Birinchi uchrashuvda Donbass va Lugansk muammolarini yechish zarur, jarayon ketmoqda, yarashishni tezlashtirish maqsadida hatto asirlar ham ozod qilinmoqda. Agar muzokaralar uchun neytral maydon kerak bo‘ladigan bo‘lsa, men Qozog‘istonni taklif qilaman» deya qo‘shimcha qilgan Nazarboyev.
Ta’kidlash joizki, Zelenskiy Ukraina prezidentlik lavozimiga kelgandan so‘ng Rossiya bilan aloqalar biroz o‘zgardi. Misol tariqasida, davlat rahbarlari bir necha bor telefon orqali muloqot o‘tkazishdi. Bundan tashqari mahbuslar almashinuvi amalga oshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter