MRB sobiq tahlilchisi: «Putin 11-sentyabr arafasida Bushni ogohlantirgan»
Jorj Bibining «Rus tuzog‘i: bizning Rossiya bilan soyalar urushimiz qanday qilib yadro halokatiga olib kelishi mumkin» deb nomlangan kitobi 3-sentyabr kuni nashrdan chiqdi. Bu haqda « Life» xabar bermoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2001-yilning 11-sentyabriga ikki kun qolganida AQSh prezidenti Jorj Bushni telefon orqali muloqotda bo‘lg‘usi xatardan ogohlantiradi. Bu haqda MRB sobiq tahlilchisi, siyosatshunos va diplomat Jorj Bibi o‘z kitobida yozmoqda.
«Hujumlarga ikki kun qolganida Putin Bushga qo‘ng‘iroq qilib, rus razvedkasi bir uchi Afg‘onistonga borib taqaluvchi, anchadan beri puxta hozirlik ko‘rilayotgan terror xavfini aniqlagani haqida xabar beradi», — deb yozadi Bibi.
O‘sha suhbat haqiqatan ham bo‘lgan ekan: Kreml saytidagi ma’lumotga ko‘ra, 2001-yilning 10-sentyabr kuni Putin va Bush telefonda bog‘langan, biroq suhbat Bushning tashabbusi bilan o‘tkazilgani qayd etilgan. Suhbat mavzusi yuzma-yuz uchrashuv, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish haqida ketgani rasman qog‘ozga tushirilgan.
Bibining ta’kidlashicha, 11-sentyabr voqealaridan so‘ng Putin xorijiy hamkasblar orasida birinchi bo‘lib Oq uyga qo‘ng‘iroq qilib, hamdardlik bildirgan.
TASSning yozishicha, 2011-yili AQShning sobiq davlat kotibi Kondoliza Rays sentyabr voqealariga uch oy qolganida Putin Kichik Bushni «Al-Qoida» jangarilari xavfidan ogohlantirgani haqida so‘zlagan. Rays Rossiya rahbari o‘shanda haq bo‘lib chiqqani, amerikaliklar uning gaplariga e’tiborsizligi tufayli halokatni daf qila olmaganiga iqror bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2001-yilning 11-sentyabrida AQSh tarixidagi eng qonli terakt yuz bergandi. Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi va Pentagon binolariga terrorchilar egallab olgan yo‘lovchi samolyotlari borib urilishi oqibatida 2977 kishi hayotdan ko‘z yumgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter