Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moldova bosh epidemiologi ikki og‘iz so‘zi uchun iste’foga chiqarildi

Moldova bosh epidemiologi ikki og‘iz so‘zi uchun iste’foga chiqarildi

Foto: «Sputnik.md»

Moldovada koronavirus qurbonlari haqida nojoiz so‘zlagan mamlakat bosh epidemiologi Nikolaye Furtune iste’foga chiqarildi. Bu haqda «Korrespondent» xabar berdi.

«Meni to‘g‘ri tushuning, ammo butun dunyoda COVID-19 o‘zi yoki atrofidagilar uchun ortiqcha yuk bo‘layotgan insonlarni hayotdan olib ketdi. Bular saraton xastaligining so‘nggi bosqichi bilan kurashayotgan, og‘ir diabetga chalingan, yurak-qon tomir patologiyasidan aziyat chekib kelayotgan odamlar edi. Fransiyada ham, Italiyada ham, afsuski, Moldovada ham shunday bo‘ldi», — deya bayonot bergandi Furtune.

Ertasi kuni demokratlar partiyasi va muxolifatchi partiyalar, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alla Nemerenkolar uning iste’fosini talab qilib chiqishdi.

Furtune o‘z so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilingani, bemorlarni ijtimoiy nuqtai nazardan emas, balki tibbiyot nuqtai nazaridan «ortiqcha yuk» deb ataganini tushuntirishga urina boshladi. Ammo kech bo‘lgandi — iste’fo talab qiluvchilar qatoriga Moldova prezidenti Igor Dodon ham qo‘shildi.

«Newsmaker» xabariga ko‘ra, 8 sentyabr kuni bosh vazir Ion Kiku o‘tkazgan yig‘ilishda Nikolaye Furtune iste’foga chiqarilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring