Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mo’jiza tufayli o‘limdan qutulib qolgan siyosatchi endi prezidentlik uchun kurashmoqchi

Mo’jiza tufayli o‘limdan qutulib qolgan siyosatchi endi prezidentlik uchun kurashmoqchi

Cayful Islom Qazzofiy 10 yillik tanaffusdan keyin ilk bor jamoatchilikka ko‘rinish berdi.

Foto: “The New York Times”

Liviyaning sobiq rahbari marhum Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Sayful Islom Qazzofiy o‘n yillik tanaffusdan keyin ilk bor intervyu berdi. AQShning «The New York Times» gazetasi o‘limga hukm qilingan va mo‘’jiza tufayli qatldan omon qolgan Sayful Islom Qazzofiyni topib suhbat uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Suhbat davomida u otasi Muammar Qazzofiyning taxtdan ag‘darilishi va qatl etilishiga olib kelgan Arab bahori va isyonlarni keskin qoralagan, keyingi o‘n yilda Liviyada boshboshdoqlik avj olgani, xalq qashshoqlikka yuz tutganini ta’kidlagan.

«Na pul, na tinchlik-osoyishtalik bor. Yoqilg‘i quyish shoxobchasiga borib dizel topa olmaysiz. Biz Italiyaga neft va gaz eksport qilamiz, yarim mamlakatni elektr energiyasi bilan ta’minlaymiz, ammo vatanimizda chiroq yo‘q.  Bu shunchaki mag‘lubiyat emas, balki tor-mor bo‘lishdir!» – degan u.

Qazzofiyga ko‘ra, 2011 yilda Liviyada boshlangan isyondan ko‘zlangan maqsad markaziy hukumatni yo‘q qilish va mamlakatni parchalab tashlash bo‘lgan. U vaziyatni o‘nglab, bo‘linib ketgan mamlakatni birlashtirish rejalari bilan ham o‘rtoqlashgan.

Liviyani 42 yil davomida yakkaboshlik asosida boshqargan Muammar Qazzofiy 2011 yili isyonchilar tomonidan qatl etilgan. Foto: “Reuters”

Yevropada tahsil olgan, xususan, Londondagi iqtisodiy va siyosiy fanlar institutida jamiyatni demokratlashtirish mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan Sayful Islom Qazzofiy fuqarolar urushi boshlangunga qadar, istiqbolda liberal islohotchi bo‘lishi bashorat qilingan edi. Ammo 10 yil avval mamlakatda qo‘zg‘olonlar boshlangach, u ilk kunlardanoq G‘arbda diktator yorlig‘i yopishtirilgan otasi Muammar Qazzofiyning yonida bo‘ldi. Liviyani 1969 yildan boshqarib kelgan Muammar Qazzofiy 2011 yilning 20 oktyabrida isyonchilar qo‘lida o‘lim topdi. Uning bir necha farzandi ham qatl etildi. Mamlakatda siyosiy iqlim o‘zgarib ketdi. Bu orada Sayful Islom hibsga olindi. Liviya sudi uni o‘lim jazosiga hukm qildi.

Kichik Qazzofiy mo‘’jiza tufayli o‘lim jazosidan qutulib qoldi. Sayful Islomni olib ketayotgan soqchilar guruhiga yo‘lda isyonchilar hujum uyushtiradi va uni garovga oladi. Isyonchilar guruhi vaqti kelganda siyosiy maqsadda foydalanish uchun Qazzofiyning o‘g‘lini ko‘z qorachig‘idek asraydi. Ma’lum fursat o‘tib, Sayful Islomni garovga olgan guruh uning ittifoqchisiga aylanadi.

Deyarli 10 yildan buyon fuqarolar urushi davom etayotgan Liviya parokanda bo‘lib ketgan. Shu bois prezidentlik saylovini o‘tkazish ham mushkul kechmoqda. Qayd etish kerakki, 2021 yil iyun oyida Britaniyaning «The Times» nashri Sayful Islom joriy yil 24 dekabrda o‘tishi kutilayotgan prezidentlik saylovida qatnashmoqchi ekani haqida yozdi.

Prezidentlik uchun kurashga kirishdan avval 2015 yilgi sud hukmini bekor qilish kerak bo‘ladi. Foto: “AFP”

Kuzatuvchilarga ko‘ra, marhum Qazzofiyning tarafdorlari va umuman uning boshqaruv davrini qo‘msayotgan aholi Sayful Islomni saylovda qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Hatto uni Rossiya dastaklashi mumkinligi haqida ham farazlar mavjud. Xususan, 2018 yil dekarb oyida u Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Liviya rahbari bo‘lishda siyosiy ko‘mak so‘rab maktub yo‘llagani xabar qilingan edi. 

Ammo muammo shundaki, 2011 yili Xalqaro jinoiy sud tomonidan Sayful Islom Qazzofiyni hibsga olish haqida qaror chiqarilgan. U harbiy jinoyatlarda ayblanayotgan shaxs sifatida xalqaro qidiruvga ham berilgan. Boz ustiga, 2015 yilda Liviya sudi chiqargan o‘lim hukmi ham hali bekor qilinmagan.  

Prezidentlik saylovida qatnashish uchun avvalo huquqiy cheklovlarni bekor qilish kerak bo‘ladi. Bu esa xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmasligi aniq. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring