Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mojarolarni xushlamaydigan mamlakat. Bundan roppa-rosa 50 yil avval O‘monda muhim hodisa ro‘y bergan edi...

Mojarolarni xushlamaydigan mamlakat. Bundan roppa-rosa 50 yil avval O‘monda muhim hodisa ro‘y bergan edi...

Jahon iqtisodiy forumi O‘monni sayyoramizning eng xavfsiz davlatlaridan biri deb tan olgan. Global reytingda sultonlik Islandiyadan keyin ikkinchi o‘rinda qayd etilgan.

Foto: «Omannews.gov.om»

Arabiston yarimorolining janubi-sharqida joylashgan O‘mon sultonligi qo‘shni diyorlardan bir jihati bilan alohida ajralib turadi: mintaqadagi qardosh el-elatlar o‘zaro ixtilofga borib, bir-biriga qurol o‘qtalayotgan bir paytda mamlakat har qanday vaziyatda ham nizolarni muzokara yo‘li bilan hal etish mumkinligini isbotlab kelmoqda, ta’bir joiz bo‘lsa, tinchlik madaniyati borasida o‘rnak ko‘rsatmoqda.

Bugun, 18-noyabr kuni O‘mon sultonligi milliy tiklanish hamda uyg‘onishning 50 yilligini tantana qilmoqda. Bu yilgi bayram o‘tgan yilgidan xiyla farqlanadi. Zotan, mamlakatni 1970 yildan buyon, 50 yil davomida idora etib kelgan Sulton Qobus bin Said a’lo hazratlari joriy yil boshida vafot etdi. Milliy bayram bahonasida o‘monliklar rivojlangan zamonaviy davlatga asos solgan marhum hukmdorni ham ehtirom ila yodga oladilar.  

O‘monni 2020 yil 11 yanvardan buyon yangi davr davlat arbobi, Oksford universitetida tahsil ko‘rgan Sulton Haysam bin Toriq idora etmoqda. Foto: «Omannews.gov.om»

Hokimiyat o‘zgarishi yoxud millat qanday toblanadi?

2020 yil 10 yanvar kuni Sulton Qobus bin Said vafot etdi. Ushbu hodisa nafaqat O‘mon, balki arab va islom olami uchun katta fojia o‘laroq baholandi. Odatda, musibat kezlari davlat va ulus sarosima ichida qoladi. Ammo o‘monliklar favqulodda yakdillik va birdamlik namunasini ko‘rsatdilar. Marhum hukmdorning vasiyatiga ko‘ra, oliy xonadon vakili Sulton Haysam bin Toriq a’lo hazratlari davlat rahbari sifatida faoliyatga kirishdi. Shu tariqa O‘monda hokimiyat taloto‘plarsiz, silliq tarzda almashdi.

Sulton Haysam bin Toriq hokimiyatni egallaganidan keyingi dastlabki oylardayoq “O‘mon nigohi-2040” dasturi bo‘yicha belgilangan maqsad-vazifalarni jadallashtirish, davlat boshqaruv apparatini qayta qurib, turli sohalarni yangilashga kirishdi.

Dunyoning yuzlab mamlakatlariga ulkan sinov bo‘lib kelgan COVID-19 pandemiyasi O‘mon rahbariyatidan ham jiddiy choralar ko‘rishni taqozo etdi. Koronavirus tarqalishining oldini olish va yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida hay’at va jamg‘armalar tuzildi.  Pandemiya eng avvalo iqtisodiy sektorga zarba bergani sir emas. Sultonlikda ham hukumat tomonidan xususiy sektor va kompaniyalarga qulaylik va imkoniyatlar yaratildi. Favqulodda holatlarda beriladigan kreditlar dasturi bo‘yicha koronavirus tarqalishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan tadbirkorlar hamda ayollar ko‘mak ko‘rsatildi.

Pandemiya hamda qora oltin narxining pasayishi sultonlik iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.  Bu esa hukumatni bir qator dadil choralarni ko‘rishga undadi. Bu borada sultonlikning moliyaviy barqarorligi qoidalarini belgilash, davlat qarzini kamaytirish va xarajatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan bir necha tashabbus va dasturlarni o‘z ichiga olgan o‘rta muddatli fiskal balans rejasi (2020–2024) e’lon qilindi. Ushbu iqtisodiy rejada moliyaviy qiyinchiliklarga qarshi turish qobiliyatini kuchaytirish, tashqi qarzni kamaytirish, davlatning neftdan bo‘lmagan sohalarda daromadini oshirish, nodavlat tarmoqlardan daromadlarni ko‘paytirish, davlat moliyaviy zaxiralarini kuchaytirish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.

Sirasini aytganda, mavjud moliyaviy muammolar hamda pandemiya holati O‘mon xalqini yanada yakdil bo‘lishga undamoqda, millat sifatida toblamoqda.

O‘monning qadim tarix va go‘zal tabiat uyg‘unligidagi shahar va qasabalariga har yili uch milliondan ziyod sayyoh tashrif buyuradi. Foto: «Omannews.gov.om»

Bir kun janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka qochadi

Ob’yektivlik, betaraflik, xalqaro huquq me’yorlarini hurmat qilish, boshqalarning ichki ishlariga aralashmaslik, davlatlarning yaxlitligi, suvereniteti va barqarorligini saqlash O‘mon sultonligi tashqi siyosatida muhim tamoyillar o‘laroq belgilangan. Ta’bir joiz bo‘lsa, «Bir kun janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka qochadi» tamoyili davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

O‘monning yangi rahbari Sulton Haysam bin Toriq ham ilk nutqida millatlar va xalqlarning tinch-totuv yashashi, yaxshi qo‘shnichilik va boshqalarning ichki ishlariga aralashmaslik tashqi siyosatning asosiy tamoyillari bo‘lib qolishini ma’lum qildi. Ayni chog‘da, marhum Sulton Qobus bin Said olib borgan siyosat davom ettirilishi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, O‘mon so‘nggi o‘n yilliklar davomida Yaqin Sharq va dunyoda xavfsizlik va barqarorlikka erishish, zo‘ravonlik, qonli mojarolar va urushlar oldini olish, rivojlanish va tinchlik madaniyatini targ‘ib etish tamoyilini shakllantirdi. Sultonlik ko‘plab nizolarni tinch yo‘li bilan hal etishga katta hissa qo‘shdi.

S.Salim tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring