Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mo‘g‘ulistonda yangi prezident saylandi

Mo‘g‘ulistonda yangi prezident saylandi

Uxnaagiyn Xurelsux.

Uxnaagiyn Xurelsux uch yarim million aholi yashaydigan Mo‘g‘ulistonning navbatdagi prezidenti etib saylandi.

Joriy yilning 9 iyunida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida mamlakat rahbarligi uchun 3 ta nomzod, ya’ni Mo‘g‘uliston xalq partiyasidan Uxnaagiyn Xurelsux, Demokratik partiyadan S.Erdene, Milliy mehnat partiyasidan D.Enxbat kurash olib borishdi.

Bosh saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ovozlarni hisoblash ishlari kecha o‘z yakuniga yetgan. Saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan aholining 59,2 foizi ishtirok etgan va u haqiqiy deb topilgan.

Mo‘g‘uliston xalq partiyasi raisi U.Xurelsux 67,6 foiz  ovoz to‘plab g‘alaba qozondi.

Bu galgi saylovlarda kuzatuvchi sifatida xalqaro va xorijiy tashkilotlarning 43 nafar vakillari, 40 dan ortiq jurnalistlar ishtirok etishdi.

Yangi prezidentning inauguratsiya marosimi qachon o‘tishi noma’lum. Ammo u shu oyning ikkinchi dekadasiga rejalashtirilmoqda.

O‘z faoliyatini harbiy qismda siyosiy yo‘riqchi sifatida boshlagan Uxnaagiyn Xurelsux keyinchalik partiyada yoshlar bo‘yicha rais o‘rinbosari, parlament (Buyuk Davlat Xo‘rali) deputati, Mo‘g‘uliston favqulodda vaziyatlar vaziri, partiya bosh kotibi bo‘lib ishlagan. 2014-2017 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari, 2017-2021 yillarda esa Bosh vazir sifatida katta shuhrat qozondi. Ikki nafar farzandi bor.

Saylangan prezident shu yil 14 iyun kuni 53 yoshga to‘ladi.

U partiya yetakchisi sifatida ishlagan kezlari kommunizm qurishdan voz kechib, demokratik sotsializm yaratish g‘oyasini ilgari surgan. Keyinchalik Hukumatni boshqargan paytida asosiy an’anaviy hamkorlari hisoblangan Xitoy, Rossiya va Koreya bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgan holda, 2019 yilda AQSh bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdi.

Yalpi ichki mahsulotni 14 milliard dollarga, oltin-valyuta zaxiralarini 5 milliard dollarga ko‘tara oldi. Uning Hukumati 2050 yilga qadar bo‘lgan uzoq muddatli Dastur qabul qildi.

U saylovoldi kampaniyasi chog‘ida ijtimoiy adolatni mustahkamlash, sud erkinligini ta’minlash, inson huquqlarini qaror toptirish va bozor munosabatlariga o‘tish rejasini e’lon qilgan edi. Boshqacha aytganda, Mo‘g‘ulistonni katta o‘zgarishlar kutayotganiga aholi ishonmoqda.

Tarjima qilganda «jez bolta» ma’nosini beruvchi yangi prezident amali o‘z ismiga nechog‘li mosligini endi davr ko‘rsatadi.

Dildora Shomurotova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring