Milliy muzey rahbari Prezident bo‘ldi
Joriy yilning 31-avgustida Estoniya Parlamentida mamlakat prezidentligiga saylovlarning ikkinchi turi bo‘lib o‘tgan edi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, davlat rahbari etib Estoniya milliy muzeyi direktori Alar Karis davlat rahbari etib saylandi.
Birinchi turda A.Karis prezident bo‘lish uchun zarur 68 ta ovozni to‘play olmagan edi. Unga 63 deputat ovoz bergan. Ikkinchi turda esa 72 deputat uni yoqladi.
Bu galgi saylovlarning farqlanuvchi jihati shunda bo‘ldiki, ro‘yxatdan faqat bitta nomzod o‘tdi. U ham bo‘lsa, mamlakat parlamentida hukmron koalitsiya – «Markazchilar» va «Islohotchilar partiyasi» vakili bo‘ldi. Mazkur koalitsiya Riygikogu ya’ni Estoniya parlamentida 101 ta o‘rindan 59 ta joyni egallashgan.
Uch bolaning otasi bo‘lgan, 63 yoshli yangi prezident tabiiy fanlar bo‘yicha ilmiy ish qilgan bo‘lib, 2003-2012 yillarda Estoniya tabiiy fanlar universiteti va Tartus universitetlarda rektor ham bo‘lgan.
Uning asosiy vaziflaridan biri mamlakatda ichki siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishdan iborat bo‘ladi. Chunki hozirda hukmron partiya va muxolifat o‘rtasida soliq va pensiya islohotlari bo‘yicha munozaralar avj olib, vaziyat jiddiy yomonlashmoqda. A. Karis iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish tarafdori ekanligini bildirgan.
Bundan tashqari, G‘arb davlatlari va NATO doirasida yaqin hamkorlikni olib borish barobarida rasmiy Moskva bilan konstruktiv muloqotni kengaytirishni istaydi.
Estoniyaning amaldagi prezidenti Kersti Kalyulayd xonim 2016 yilda bu lavozimga kelgan bo‘lib, o‘z nomzodini ikkinchi muddatga ilgari surish uchun parlament partiyalarida kerakli qo‘llab-quvvatlashni ola olmadi. Uning vakolat muddati 10 oktyabrda o‘z nihoyasiga yetadi.
Estoniyada prezident 5 yil muddatga saylanadi va ikki muddatdan ortiq bu lavozimda o‘tirishi mumkin emas. Prezidentlikka nomzod 40 yoshdan oshgan bo‘lishi va tug‘ilganda Estoniya fuqarosi bo‘lishi lozim.
Shuningdek, joriy yilning 17 oktyabrida munitsipal saylovlar ham bo‘lib o‘tadi.
Dildora Shomurodova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter