«Men uchun demokratiya muhimroq»: Boliviya muvaqqat prezidenti saylovda qatnashmaydigan bo‘ldi
Boliviya prezidenti vazifasini bajaruvchi Janin Anes o‘z nomzodini bo‘lg‘usi prezidentlik sayloviga qo‘ymadi. Bu haqda siyosatchi «Unitel» telekanalidagi chiqishida ma’lum qildi.
«Boliviya prezidentligi uchun saylovdan o‘z nomzodimni oldim, men uchun demokratiya muhimroq», — dedi Anes.
Anesning maqsadi sobiq prezident Evo Moralesga tarafkash siyosiy kuchlarning saylovda g‘alaba qozonmasligiga erishish.
«Bu yo‘lni tutishimga ma’lum sabablar bor, chunki nomzodlarning ovozlari taqsimlanishi xavfi bor, shunday bo‘lgan taqdirda «Sotsializmga harakat (partiya) saylovda g‘alaba qozonadi», — deya ta’kidlagan Janin Anes Moralesning qaytishi Boliviyada demokratiyaning mag‘lubiyati bilan tugashidan xavotir bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 10-noyabrida muxolif kuchlar va harbiylar bosimi ostida Morales prezidentlikdan ketganidan so‘ng Boliviyani muvaqqat prezident sifatida parlament Senatorlar palatasi vitse-spikeri Janin Anes boshqarib kelmoqda.
Ma’lumot berilishicha, Boliviyada koronavirus pandemiyasi tufayli kechiktirilgan prezidentlik saylovi 2020-yilning 18-oktyabriga belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter