«Maqsad yangi urush olovini yoqishmi?» – Ozarbayjon parlamenti deputati «Xabar.uz»ga mojaroli tashrif yuzasidan izoh berdi
Ozarbayjon Fransiyaning Bokudagi muvaqqat ishlar vakiliga norozilik notasi topshirdi. Bunga esa Fransiya prezidentligiga nomzod Valeri Pekressning tan olinmagan «Tog‘li Qorabog‘ respublikasi»ga cafar qilgani sabab bo‘ldi.
Rasmiy Boku fransuz siyosatchining ushbu tashrifini Ozarbayjon milliy qonunchiligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi harakat deb atadi.
Ozarbayjon TIV bayonotiga ko‘ra, fransuz siyosatchilarining bu qadami ikki mamlakat munosabatlariga ziyon yetkazdi. Shuningdek, Fransiyaning urushdan keyin Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash borasidagi rolini ham savol ostiga qo‘ydi.
Vazirlik qonun chegarasini buzgan Fransiya fuqarolari milliy qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka tortilishi, jumladan, ular Ozarbayjon hududiga kirishi nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qilgan.
Gap shundaki, joriy yilning 22 dekabr kuni Fransiya prezidentligiga nomzod, Il-de-Frans hududi rahbari Valeri Pekress deputat hamkasblari bilan birga Rossiya tinchlikparvar kuchlarining muvaqqat nazorat hududiga kiruvchi «Lochin» yo‘lagi orqali Xonkendi shahriga bordi va tan olinmagan «Tog‘li Qorabog‘ respublikasi» rasmiylari bilan uchrashdi.
Xonkendi xalqaro tashkilotlar tomonidan Ozarbayjonning tarkibiy qismi deb tan olingan. Shunga ko‘ra, hududga xorij siyosatchisining Ozarbayjon iznisiz tashrif buyurishi xalqaro huquqning buzilishi deb baholanadi.
Joriy yil dekabr oyi o‘rtalarida Fransiya prezidentligiga yana bir nomzod Erik Zemmur ham Yerevanga tashrif buyurgan edi. Millatchilik ruhidagi chiqishlari bilan tanilgan siyosatchi Armanistonga safar chog‘i e’tiqodlararo ziddiyat uyg‘otuvchi munozarali bayonotlar bergan.
Sotsialistlar partiyasidan nomzod Ann Idalgo ham Armanistonga safar qilishni rejalashtirmoqda.
Fransiyaga 500 mingga yaqin arman aholi istiqomat qiladi. Tahlilchilarga ko‘ra, prezidentlikka nomzodlar saylovda ularning ovozini olish uchun shunday bahsli qadamlar qo‘ymoqda.
«Xabar.uz» mazkur diplomatik mojaro yuzasidan Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati, siyosiy fanlar doktori, professor Hikmat Boboo‘g‘li Mamedovdan izoh so‘radi.
Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, xorijlik fuqaroning Ozarbayjon hududiga rasmiy Boku roziligisiz noqonuniy ravishda kirib kelishi, boz ustiga, Lochin koridorini nazorat qilishi kerak bo‘lgan Rossiya harbiylarining bundan ko‘z yumgani hayrat va g‘azab uyg‘otdi.
«Bu hodisani faqat qonunbuzarlik deb baholash kifoya emas. Fransiyada prezidentlikka nomzodlarning so‘nggi paytlarda buni an’anaga aylantirishga urinayotgani tizimli siyosiy harakatdan dalolat beradi. Bu – mintaqamizdagi o‘zi shundoq ham mo‘rt tinchlik jarayonlariga jiddiy ziyon yetkazmoqda. Bir qarashda, bu voqealar Fransiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida arman millatiga mansub elektoratning ovozini olishga urinishdek tuyulishi mumkin. Aslida esa boshqa sabablar ham bor. Hatto 44 kunlik urush davrida ham Fransiya rasmiylari hamraislik missiyasiga to‘g‘ri kelmaydigan radikal pozitsiyani egallaganiga guvoh bo‘ldik», – deydi Hikmat Mamedov.
Deputatning aytishicha, rasmiy Parij Ozarbayjon–Armaniston munosabatlarida xalqaro huquq normalariga zid yo‘l tutmoqda. Bu esa mintaqada yangi urush boshlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. H.Mamedovning ta’kidlashicha, siyosiy o‘yinlar davom etaversa, Ozarbayjon hal qiluvchi qarorlar qabul qilishga, jumladan, Lochin yo‘lagida bojxona va chegara postlarini o‘rnatishga majbur bo‘ladi.
Fransuz arboblarining Xonkendiga tashrifi yuzasidan Fransiya parlamentidagi Fransiya–Ozarbayjon do‘stlik guruhi Jerom Lamber ham bayonot bergan. U hamkasblarining xatti-harakatini provokatsiya deb atagan.
«Pekress xonim chindan ham tinchlikni himoya qilish istagida bo‘lsa, tarix saboqlarini yodda tutishi kerak. Ozarbayjon suverenitetini buzgan holda Qoraboqqa safar qilib, u o‘zini tinchlik o‘rnatishga hissa qo‘shish imkonidan mahrum qilmoqda», – degan J.Lamber.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar Armaniston Qurolli kuchlariga qarshi kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. Ushbu bitimga muvofiq Lochin koridoridagi nazorat ham Rossiya tinchlikparvar qo‘shiniga topshirilgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter