Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Maktabga bormoqchi edim, lekin erga bervorishdi!» Go‘dak qizlarini sotayotgan otalar

«Maktabga bormoqchi edim, lekin erga bervorishdi!» Go‘dak qizlarini sotayotgan otalar

Indoneziyaning Banda-Achex shahrida to‘y marosimi. Foto: «AFP 2021/Chaideer Mahyuddin»

Indoneziyada 13-15 yoshli qizlar uzatilmoqda. Inson huquqlari himoyachilari bunga qarshi kurashmoqda. Parlament nikoh yoshini 16 dan 19 yoshgacha ko‘tardi, ammo vaziyat deyarli o‘zgarmadi. Bu Yaqin Sharq, Afrika va Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan muammodir. Uni rasman taqiqlash mumkin bo‘lsa-da, ko‘pincha rasmiylar e’tiborsiz qoldirishadi.

Yaxshi pul evaziga

«Har kuni ertalab do‘stlarimning maktabga ketayotganini kuzatar va ularning o‘rnida bo‘lishni orzu qilardim. O‘zimni juda yomon his qilardim», — deydi indoneziyalik Rasminax.

Ota-onasi 13 yoshdagi qizini maktabni tashlab, 27 yoshli yigitga turmushga chiqishga majburlashgan. Natijada ularning turmushi uzoqqa bormadi. 15 yoshida u yana turmushga chiqdi. Ikkinchi eri 40 yoshda edi.

Indoneziyada har to‘qqizinchi voyaga yetmagan qiz uzatiladi. Bundan huquq himoyachilari ancha g‘azabda. Parlamentda, nihoyat, ularga quloq solishgan ko‘rinadi: nikoh yoshi 16 dan 19 gacha ko‘tarildi. O‘n yil ichida bolalar to‘yini qirq foizga kamaytirish vazifasi qo‘yilgan. Ammo aksar ota-onalar qonunni buzishmoqda.

Voyaga yetmagan qizlar na ruhan, na jismonan turmushga tayyor bo‘lishadi. Ustiga-ustak, rejalashtirilmagan erta homiladorlik xavfi ham yuqori. BMT hisob-kitobiga ko‘ra, Filippinda onalar o‘limi bir yil ichida 22 foizga, 2,6 mingdan 3170 kishigacha oshgan.

Ko‘p ota-onalar moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun ham qizlarini erga berishadi. G‘arb ommaviy axborot vositalari Magindanao viloyatidagi Andrea hikoyasini e’lon qilishdi. Filippindagi bu hudud oilalarining qariyb 70 foizi kambag‘al. Qizaloqni 12 yoshida 14 yoshli yigitga uzatishdi.

«Ota-onam juda kambag‘al edi. Ular erim menga g‘amxo‘rlik qiladi deb o‘ylashgan. Erim ularga mehribon va mehnatkash bo‘lib ko‘ringan. Ammo hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi», — deydi Andrea.

U 14 yoshida farzand ko‘rdi, uch yildan so‘ng ikkinchisi tug‘ildi.

«Erim meni kaltaklardi va xiyonat qilardi. Ba’zida farzandlarim bilan yeyishga hech narsa topolmasdik», — deydi filippinlik ayol.

«Girls Not Brides» (Qizchalar kelin emas) ma’lumotlariga ko‘ra, Filippin erta nikohlar soni bo‘yicha o‘ninchi o‘rinda turadi — u yerda 808 ming nafar voyaga yetmagan ayol turmushga chiqqan. Birinchi o‘rinda Hindiston (15,6 mln) turadi. Hindlarning shunday odati bor: kelinning ota-onasi mahr berishi shart, lekin qiz qanchalik yosh bo‘lsa, kuyovga shunchalik kamtarona sovg‘a jo‘natadi.

Shu bilan birga, Hindistonda yangi turmush qurganlarning yoshidagi farq odatda uncha katta bo‘lmaydi. Ota-onalar farzandlarini bolaligidayoq unashtirib qo‘yishadi. Ular 15-16 yoshlarida birga yashay boshlashadi.

Hindistonning Surat shahrida ommaviy to‘y paytida kelinlar. Foto: «AP Photo/Ajit Solanki»

Mojaroli qonun

Erta nikoh nafaqat Janubiy Osiyo, balki Yaqin Sharqdagi ko‘pgina mamlakatlarda ham muammo hisoblanadi. 2014-yili Iroq G‘arb matbuotida katta shov-shuvga aylangan «Jafariylik qonunini» qabul qilmoqchi bo‘lgan. Unga ko‘ra, nikoh yoshini o‘g‘il bolalar uchun – 15, qizlar uchun 9 yoshgacha kamaytirish taklif qilindi. Jafariy mazhabi — VIII asrda yashagan Imom Jafariyga tegishli bo‘lgan islom huquqi maktabi. Shia huquqshunoslari 9 yoshni turmush qurish uchun ayni fursat deb hisoblashadi. Shu bilan birga, bu jinsiy faoliyatning boshlanishini bildiradi, deb hech qayerda aytilmagan deyishadi.

Zamonaviy yoshlarning voyaga yetishi 22-25 yoshni ko‘rsatadi. 16 yoshda hamma ham o‘z xatti-harakati uchun javobgarlikni zimmasiga oladigan darajada yetuk bo‘lmaydi. Qolaversa, erta nikoh o‘smirlar uchun ruhiy jarohat yetkazadi, deydi ekspertlar.

1959-yildan boshlab Iroqda 18, alohida holatlarda 15 yoshdan va faqat vasiylar roziligi bilan turmush qurishga ruxsat berildi. (Boshqa holatlardan tashqari, chunki bu ko‘pxotinlilikni cheklab qo‘ydi).

Jafariy qonuni o‘tmishga aniq qadam bo‘ldi. Hujjatda, shuningdek, nikohda zo‘rlashni qonuniylashtirish taklif qilingan — xotini xohlamasa ham, er u bilan yaqin munosabatda bo‘lish huquqini oladi.

Namoyishlar butun mamlakatni qamrab oldi. Tashabbus qoldirildi. Ammo uch yildan keyin unga yana qaytishdi. 40 deputatdan iborat guruh yana qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish taklifini ko‘tardi. Odamlar yana ko‘chalarga namoyish qilib chiqishdi. Qonun loyihasi ovoz berishdan olib tashlandi.

Huquq himoyachilari bola tovarga tenglashtirilganini ta’kidlashdi. Chunki kambag‘al oilalardagi ota-onalarning aksariyati yaxshi qalin puli evaziga qizlarini uzatishga tayyor edilar. Buning ustiga, shu paytgacha erta nikoh yaqin munosabatlarni nazarda tutmagan. Qiz erining uyiga ko‘chib o‘tadi. O‘sha paytdan boshlab eri uni ta’minlashi kerak edi. Jinsiy hayot faqat balog‘atga yetganidan keyin boshlangan. Hozir esa hammasi o‘zgargan.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan qizlarning turmushga chiqishi ta’lim olmasligini ham bildiradi. Er uning maktabdagi topshiriqlarni emas, uy ishlarini bajarishini xohlaydi. Ustiga-ustak, bunday oilalarda zo‘ravonlik avj ola boshladi.

Muammo yo‘qolmadi

2019-yilgacha Saudiya Arabistoni qonunlarida «nikoh yoshi» tushunchasi amalda bo‘lmagan. Odamlar dinga tayanishgan. O‘z navbatida 9 yoshdan turmushga uzatish mumkin deb hisoblangan. Saudiyalik qizlarning beshdan bir qismi 18 yoshgacha turmushga chiqqan.

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi to‘y saloni yonidan bir qiz o‘tib ketmoqda. Foto: «AFP 2021/Fayez Nureldine»

Teng bo‘lmagan nikohlar ham kam emas. Masalan, 90 yoshli chol 15 yoshli qizga uylandi: ota-onasiga 17 ming dollar to‘ladi. To‘ydan keyin «xotini» bir necha kun xonaga qamalib olganidan darg‘azab bo‘lgan er o‘zini aldangan deb hisoblab, qaynotasi va qaynonasini sudga berdi.

Ming afsuski, fojialar ham sodir bo‘lib turadi. Yamanda 40 yoshli erkakka turmushga chiqqan 8 yoshli qiz birinchi nikoh kechasida olgan ichki jarohatlari tufayli vafot etadi. Shundan so‘ng inson huquqlari tashkilotlari hukumatdan nikoh uchun minimal yoshni oshirishni yanada faol talab qila boshlaydi va maqsadiga erishadi. Endi mamlakatda 18 yoshdan so‘ng to‘yga ruxsat beriladi.

Mahalliy aholi e’tiroz bildirishdi — ularning fikricha, bu qonunlarga zid ekan. Nima bo‘lganda ham, erta turmush qurish an’anasi butkul yo‘qolmadi. Rasman taqiqlangan bo‘lsa-da, ko‘pincha ko‘z yumish holatlari davom etmoqda...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring