«Kaxovka falokati tufayli 40 mingdan ortiq odam suv toshqini xavfi ostida qolmoqda» – Ukraina Bosh prokurori
Xerson viloyatining 40 mingdan ortiq aholisi Rossiya bosqinchi armiyasi tomonidan Kaxovka GES to‘g‘onini vayron qilishi natijasida suv toshqini xavfi ostida qoldi. Bu haqda Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Ukraina bosh prokurori Yevropa Ittifoqining adliya bo‘yicha komissari Dide Rayners bilan suhbatda bo‘lib, unga Kaxovka GESining vayron bo‘lishi oqibatlari haqida gapirib berdi.
«40 mingdan ortiq odam suv toshqini xavfi ostida. Ukraina hukumati 17 mingdan ortiq odamni evakuatsiya qilmoqda. Afsuski, Rossiya nazorati ostidagi hududda 25 mingdan ortiq tinch aholi vakillari bor», – deydi Kostin.
Andrey Kostinning ta’kidlashicha, Xerson viloyatining ruslar tomonidan egallab olingan hududlaridagi aholi evakuatsiya qilinmagan. Kostin Rossiyaning harakatlariga javoban Yevropa va jahon hamjamiyatining adekvat munosabati bo‘lishiga umid bildirgan.
Ma’lumot uchun, kecha 6 iyun kuni Xerson viloyatidagi Kaxovska GES to‘g‘oni portlatib yuborildi. Buning natijasida hududlarni suv bosa boshladi.
Novaya Kaxovka qishoq ma’muriyatining ta’kidlashicha, 7 kishi suv toshqini natijasida bedarak yo‘qolgan.
Hozircha, GES to‘g‘onini kim portlatib yuborgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ukrainaning iddao qilishicha, bu ishni Rossiya kuchlari amalga oshirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter