Kanadalik qotillardan birining jasadi topildi
Kanada politsiyasi Saskachevan provinsiyasida 10 kishini pichoqlab o‘ldirgan aka-uka qotillardan birining jasadini topdi. Bu haqda politsiya komissarining yordamchisiga asoslanib CTV telekanali xabar berdi.
31 yoshli qotil — Damiyen Sandersonning jasadi Kanadaning tubjoy aholisi yashovchi Jeyms-Smit-Kri-Neyshndagi «baland o‘sgan o‘tlar» orasida topilgan. O‘lgan jinoyatchi shu hududda yashovchi hindular qabilasiga mansub bo‘lgan.
Ikkinchi jinoyatchi (uka)ni qidirish davom etmoqda. Taxminlarga ko‘ra, u jarohat olgan bo‘lishi va tibbiy yordam so‘rab murojaat qilishi mumkin. Huquq posbonlari jinoyatchi «o‘ta xavfli» ekanidan ogohlantirdi.
Kanada mustaqil tubjoy xalqlari federatsiyasi rahbari Bobbi Kemeronning fikricha, katta ehtimol bilan xunrezlik giyohvand moddalar ta’siri ostida amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kanadaning Saskachevan provinsiyasida sovuq qurolli jinoyatchilar 10 kishini o‘ldirib, kamida 15 kishini (so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 20 nafarga yetgan) jarohatlab ketishgandi.
Ueldon va Jeyms-Smit-Kri-Neyshn aholi yashovchi hududlarida ushbu xunrezlikni amalga oshirganlikda gumon qilinayotgan Damiyen Sanderson (31 yosh) va Maylz Sanderson (30 yosh) qidirilayotgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter